Jamiyat | 17:36 / 20.08.2020
4585
3 daqiqa o‘qiladi

Chinozdagi klasterdan ish haqini ololmayotgan ayollarga 69,5 mln so‘m to‘lab berildi – vazirlik

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva 18 avgust kuni daryo.uz saytida e'lon qilingan Chinozdagi paxta klasteri dala maydonlarida mehnat qilgan farg‘onalik bir necha ayolning oylik ish haqi berilmayotgani to‘g‘risidagi xabar yuzasidan vazirlik munosabatini bildirdi.

«Mazkur xabarda keltirib o‘tilganidek, Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida yashovchi bir guruh xotin-qizlar joriy yilning may oyidan boshlab Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi Textile Technologies Group kompaniyasi muassisligidagi APK Chinoz paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri dala maydonlarida og‘zaki shartnoma asosida ish boshlagan.

Shu yilning 5 avgustida ishchi xotin-qizlar tomonidan belgilangan ishlar bajarib bo‘lingan bo‘lsa-da, APK Chinoz paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri rahbariyati tomonidan o‘zaro og‘zaki kelishilgan ish haqi to‘lanmay kelinayotgani ma'lum qilingan.

Chinoz tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas'ul xodimlaridan iborat Ishchi guruh vakillari mazkur vaziyatni shu kunning o‘zida joyiga chiqqan holda atroflicha o‘rganib chiqdi hamda mavjud muammoga ijobiy yechim topildi.

Joriy yilning 18 avgust kuni APK Chinoz unitar korxonasi tomonidan farg‘onalik 15 nafar ishchi xotin-qizlarga jami 69 mln 550 ming so‘m ish haqi to‘lab berildi.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan jismoniy va yuridik shaxslar bilan mehnat munosabatlari o‘rnatishdan oldin yurtimizdagi mehnat qonunchiligi talablariga rioya etishni, o‘zaro kelishuv shartlarini qonunchilik asosida yozma shaklda tuzishlarini so‘rab qolamiz.

Qo‘shimcha sifatida shuni ma'lum qilamizki, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi o‘z vakolati doirasida hamda respublikamizdagi mavjud qonunchilik me'yorlari asosida yurtimizdagi xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini munosib himoya qilish maqsadida barcha zarur choralarni ko‘radi», dedi Saodat Boymirzayeva AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Mavzuga oid