Jamiyat | 02:12 / 20.08.2020
3934
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada firibgarlar uy qurish uchun yer olmoqchi bo‘lgan 7 kishini chuv tushirdi

Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida 7 kishiga 211 million so‘mga noqonuniy yer sotganlar aniqlandi. Bu xaqida tuman IIB tergov bo‘limi ma'lumotiga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Beshariqlik T. 2017 yilda Rossiyada muxojir sifatida ishlab yurgan vaqtlarida unga uyidagilar telefon qilib, o‘zlarining yashash uylariga yaqin bo‘lgan hududda yer-joy sotilayotgani, unga uy-joy qurish ham mumkinligi haqida aytib qolishadi. 5 nafar o‘g‘ilning otasi bo‘lgan T. avvaliga biroz ikkilanadi, biroq farzandlarining kelajagini o‘ylab, sotilayotgan yerga uyidagilar xaridor bo‘lishiga rozilik bildiradi.

Oila otaning roziligi bilan oz emas, ko‘p emas 40 sotix yerni sotib oladi. Oiladan jami 80 mln so‘mni olgan firibgarlar yerning hujjatlarini rasmiylashtirib berishni paysalga sola boshlaydi.

Ma'lum bo‘lishicha, firibgarlar 3 kishi bo‘lib, ular o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirib, Kapayangi mahallasidagi qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerni T. singari yana 6 nafar fuqaroga turar joy uchun foydalanishda sotishini bildirib, kelgusida hujjatlarni rasmiylashtirib berishni aytib, har bir sotix yerni 2 mln so‘mdan «sotishgan».

7 nafar fuqaroga noqonuniy «yer sotib», 211 million so‘m pullarni qo‘lga kiritishadi va shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishadi.

Jabrlanuvchilar ijobiy o‘zgarish bo‘lib qolar yoki bergan pullarimizni qaytarib olarmiz deb 3 yil ko‘z tikishadi, yer sotganlarni tinch qo‘yishmaydi, ammo foydasi bo‘lmaydi. Joriy yilning iyun oyida tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishadi.

Holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid