O‘zbekiston | 22:57 / 25.08.2020
8983
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasi kontrabandaga qarshi kurashishda yangi tizim joriy etilishini ma'lum qildi

2021 yil 1 yanvardan e'tiboran O‘zbekistonda «Bojxona auditi» axborot tizimi joriy etiladi. 25 avgust kuni AOKAda Davlat bojxona qo‘mitasi mas'ullari ishtirokidagi matbuot anjumanida shu haqda ma'lumot berildi.

DBQ boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonovning tushuntirishicha, yangi tizim avvalo «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish va tadbirkorlarga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

«Tovarlar kirib kelganidan boshlab to iste'molchiga yetib borguniga qadar iste'mol zanjiri yaratilmoqda. Ya'ni bu faqatgina bojxona idoralaridagi ma'lumot asosidagina emas, balki bojxona va soliq qo‘mitalari ma'lumot bazasi birlashtirilib, tovarlar kirgandan boshlab to realizatsiya qilingunicha yagona bir tizim joriy etiladi.

Bu jarayonda soliq idoralari ham bizdan 10 so‘mdan o‘tgan tovarni necha puldan o‘tayotganini nazorat qilish imkoniyaga ega bo‘ladi. Barcha to‘lovlar onlayn rejimda nazorat qilib boriladi. Agar halollik darajasi pasaysa, soliq idoralari bilan hamkorlikda kameral yoki sayyor tekshiruv tashkil qilinadi. Natijada yashirin iqtisodiyotning oldini olish mumkin bo‘ladi», – dedi Farhod Olimjonov.

Ta'kidlanishicha, bojxona auditi AQSh, Rossiya, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida keng qo‘llab kelinmoqda. Mutasaddilar fikricha, mazkur tizimni O‘zbekistonda ham joriy etish vaqti allaqachon kelgan. Bunga 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida huquqbuzarlik holatlari turtki bo‘la oladi.

Xususan, 8 oy davomida kontrabanda va bojxona qonunbuzilishiga qarshi kurashish yo‘nalishida 5 mingdan ortiq huquqbuzarlik holatlari fosh etilgan. Natijada 154,6 mlrd so‘mlik tovarlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan 265ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov organlariga yuborilgan. 4 517 ta holatda huquqbuzarlarga nisbatan ma'muriy ishlar yuritilgan. Shu bilan birga, 31,1 kg va 2140 tup giyohvandlik vositalari, 19 dona qurol, 57 dona o‘q, 239,8 ming dona psixotrop tabletkalar, 10 mlrd so‘mlik tibbiyot buyumlari va dori vositalari, 1,5 mlrd so‘mlik noqonuniy valuta qimmatliklarining noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasining oldi olingan.

Mavzuga oid