20:10 / 28.08.2020
2216

Germaniyaning rivojlanish moliya instituti va Triodos Investment Management «Ipak Yo‘li» AITB aksiyadorlariga aylanishmoqda

Germaniyaning rivojlanish moliya instituti DEG-Deutsche Investitions-und Entwicklungsgesellschaft mbH va Triodos Investment Management (o‘zining Triodos Microfinance Fund fondidan) «Ipak Yo‘li» AITB aksiyadorlik kapitaliga 25 million AQSh dollari atrofida sarmoya kiritishdi.

Investorlar yangi chiqarilgan aksiyalarni sotib olish yo‘li bilan bankning aksiyadorlik kapitalidagi minoritar ulushini qo‘lga kiritdi, bu ularning O‘zbekistondagi bankning aksiyadorlik kapitaliga ilk investitsiya kiritishini anglatadi. Sarmoyalar bankning kapital bazasini mustahkamlashga, shuningdek, O‘zbekistondagi xususiy sektor kompaniyalarining moliyaviy ehtiyojlarini qondirishga sarflanadi.

«So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, moliya sektorining investitsion salohiyatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar xorijiy investorlarning bank sohasiga bo‘lgan qiziqishining oshishiga yordam berdi. Yevropaning ikkita nufuzli moliya institutlari «Ipak Yo‘li» bankining aksiyadorlariga aylanayotganidan xursandmiz, bu 2015 yilda boshlangan o‘zaro manfaatli hamkorligimizni strategik sheriklikning yangi bosqichiga olib chiqadi. Biz ishonamizki, «Ipak Yo‘li» bankiga kiritilgan kapital nafaqat bankka, balki O‘zbekistonning bank sektoriga bo‘lgan ishonchni namoyish etadi va ushbu sohaga yangi xorijiy investorlarni jalb qilishga yordam beradi», - dedi «Ipak Yo‘li» AITB boshqaruvi raisi Saidabror Saydahmedov. «Yangi aksiyadorlarimizning bilim va tajribalari bizning faoliyatimiz sifati va samaradorligini sezilarli darajada yaxshilashga, shuningdek, bankning birinchi rivojlanish moliya instituti – aksiyadori bo‘lgan Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi bilan boshlangan institutsional transformatsiyaga qo‘shimcha yordam beradi».

«Bu «Ipak Yo‘li» banki bilan ko‘p yillik va ishonchli hamkorligimizning navbatdagi qadami. Biz «Ipak Yo‘li» mijozlari va O‘zbekistondagi moliya sektori manfaatlari uchun bankning doimiy o‘sishini ta'minlash uchun bank rahbariyati va barcha aksiyadorlar bilan ishlash imkoniyatini sabrsizlik bilan kutyapmiz. DEG sarmoyasi ekologik va ijtimoiy standartlarni hisobga olgan holda, kichik va o‘rta korxonalar va chakana mijozlar uchun qo‘shimcha moliyalashtirishga imkon berishidan mamnunmiz», - dedi DEG boshqaruv kengashi a'zosi Monika Bek.

Triodos Microfinance Fund jamg‘armasi boshqaruvchisi Tim Krayns: Bu Triodos Microfinance Fund uchun aksiyadorlik kapitaliga bo‘lgan yangi ajoyib investitsiya. Kichik va o‘rta biznes sektoriga e'tibor qaratgan holda, «Ipak Yo‘li» banki xususiy tadbirkorlikni ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi va shu bilan O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Biz faoliyatni kengaytirish uchun «Ipak Yo‘li» banki bilan qo‘shma ishimiz boshlanishini, shuningdek, barqaror bank faoliyatini joriy etish bo‘yicha tajribamiz bilan o‘rtoqlashishni va «Ipak Yo‘li» banki boshqaruvi va strategik rivojlanishida ishtirok etishni sabrsizlik bilan kutyapmiz.

DEG

Deyarli 60 yil davomida DEG rivojlanayotgan va o‘tish davrida bo‘lgan mamlakatlarda faoliyat yuritadigan xususiy sektor korxonalari uchun ishonchli sherik hisoblanadi. DEG mijozlarga maxsus yechimlarni taklif etadi, shu jumladan, moliyalashtirish, targ‘ib qilish dasturlari va individual ehtiyojlarni inobatga olgan holda, konsultatsiya berish. Shunday qilib, kompaniyalar qo‘shilgan qiymat va malakali ish o‘rinlarini yaratgan holda, muvaffaqiyatli va barqaror rivojlanishlari mumkin. DEG – xususiy sektorni moliyalashtiruvchi dunyodagi eng yirik tashkilotlardan biri bo‘lib, dunyoning 80 davlatida 9 milliard yevroni tashkil etadigan portfelga ega.

Batafsil: www.deginvest.de

Triodos Investment Management

Triodos Investment Management (Triodos IM) o‘z mablag‘lari uzoq muddatli ijobiy ijtimoiy va atrof-muhitga ta'sir ko‘rsatadigan loyihalarga kiritilishini istaydigan ko‘plab investorlarni birlashtiradi. Bunda, Triodos IM yanada adolatli, barqaror va insonparvar bosqichga o‘tishda muhim rol o‘ynaydigan tarmoqlarda katalizator sifatida xizmat qiladi. Kompaniya energetika, iqlim o‘zgarishi, moliyaviy inklyuziya, barqaror oziq-ovqat ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga bo‘lgan 25 yillik muvaffaqiyatli sarmoyalar davomida chuqur bilimlarni to‘plagan. Shuningdek, kompaniya jamiyatning barqaror rivojlanishiga katta hissa qo‘shadigan birjada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarga sarmoya kiritadi. Triodos IM - 50ta mamlakatda 750dan ortiq investitsiyaga ega ijtimoiy-o‘zgaruvchan loyihalarning global faol investoridir. Triodos IM 1980 yilda tashkil topgan va barqaror bank faoliyatini olib borishda yetakchi ekspert bo‘lgan, boshqaruv ostidagi aktivlari 4,9 milliard yevroni tashkil etadigan (2020 yil iyun oxiriga ko‘ra) Triodos Bank NV filialidir.

Batafsil: www.triodos-im.com

«Ipak Yo‘li» AITB

1990 yilda tashkil etilgan «Ipak Yo‘li» AITB O‘zbekistondagi universal tijorat banki hisoblanadi. Bank kichik biznes sub'yektlariga va xususiy tadbirkorlikka, shuningdek, 16ta filial va 37ta ekspress-markazlarni o‘z ichiga oladigan rivojlangan filial tarmog‘i orqali chakana mijozlarga keng turdagi xizmatlarni taqdim etadi. «Ipak Yo‘li» banki mijozlar bazasini kengaytirish, mintaqadagi mavjudligi, har bir mijozning ehtiyojlarini qondirish uchun xizmatlar soni va turlarini ko‘paytirish orqali o‘z biznesining doimiy o‘sishiga intiladi. 2020 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, bankning umumiy aktivlari 5,9 trln so‘mni tashkil qildi.

Batafsil: ipakyulibank.uz

Reklama huquqi asosida

Top