O‘zbekiston | 09:20 / 28.08.2020
4883
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus bilan kasallanganlarni davolashga moslashtirilgan muassasalar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilanmoqda 

Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moslashtirilgan barcha turdagi ambulator va statsionar davolash muassasalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 4 avgustdagi 461-sonli qaroriga (15 band) muvofiq ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moslashtirilgan ambulator va statsionar davolash muassasalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanishi taklif etilmoqda.

Ushbu Nizomga muvofiq koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moslashtirilgan ambulator va statsionar davolash muassasalari faoliyatini tashkil etish belgilanmoqda, ya'ni:

  • COVID-19 alomatlarsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni  saralash, uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish;  
  • ambulator-poliklinika muassasalari negizida tashkil etiladigan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga ixtisoslashgan maxsus poliklinikalar («COVID markaz») faoliyatini tashkil etish;  
  • maxsus poliklinikaning asosiy vazifalari,   
  • maxsus poliklinikaga bemorlarni kelish tartibi,
  • maxsus poliklinikaning ish tartibini tashkillashtirish,  
  • hisob va hisobot,
  • koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moslashtirilgan statsionar davolash muassasalar faoliyatini tashkil etish. 

Shu bilan birgalikda, ushbu Nizomda hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman tibbiyot birlashmalari va sanitariya-epidemiologiya xizmatining hududiy boshqarmalari va tuman/shaharlardagi bo‘limlari hamkorlik ishlari aks ettirilgan bo‘lib, taklif etilayotgan Nizomga muvofiq ma'lumotlarni yig‘ib borish va o‘z vaqtida yuqori turuvchi sog‘liqni saqlash organiga yuborish ta'minlanadi.

Qayd etilishicha, ushbu qaror loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik aktlariga o‘zgartirish va to‘ldirishlar kiritilishini va Davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini talab qilmaydi.

Mazkur qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga vazirlik va idoralar bilan kelishish hamda jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilgan.

Qarorning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashish ehtimoli belgilarini o‘z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi kechiktirib bo‘lmaydigan zarur tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi. 

Mavzuga oid