Jahon | 21:43 / 28.08.2020
6772
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya YeIning O‘rta yer dengizida georazvedka ishlarini to‘xtatish to‘g‘risidagi talabini rad etdi

Anqara O‘rta yer dengizidagi vaziyat keskinlashishida Afina va Nikosiyani aybladi.

Foto: AP

Turkiya Yevropa ittifoqining O‘rta yer dengizida geologiya-razvedka ishlarini to‘xtatish to‘g‘risidagi talabini rad etdi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xami Aksoyning bayonotida ma'lum qilindi.

"Mamlakatimizning o‘z kontinental shelfida geologiya-razvedka ishlarini olib borishini tanqid qilishga va bu ishlarni to‘xtatishni talab qilishga YeIning haqqi yo‘q. Biz YeI mamlakatlarini Gretsiyaning birdamlik bahonasi ostidagi xalqaro huquq me'yorlariga zid talablarini qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqiramiz", - deyiladi bayonotda.

Shuningdek, bayonotda aytilishicha, "Sharqiy O‘rta yer dengizidagi vaziyat hal bo‘lishini istasa, YeI halol vositachi bo‘lishi lozim".

Bundan tashqari, O‘rta yer dengizidagi vaziyat keskinlashishida Anqara yana bir bor Afina va Nikosiyani aybladi.

Avvalroq Berlinda YeI mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tgan hamda Yevroittifoq Sharqiy O‘rta yer dengizida burg‘ulash ishlarini olib borayotgani uchun Turkiyaga qarshi sanksiyalar ishlab chiqishni tezlashtirishga kelishib olingandi.

Gretsiya va Kipr Turkiyaning alohida iqtisodiy hudud va Kipr respublikasi shelfida burg‘ulash ishlarini olib borishini qoralab kelmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid