O‘zbekiston | 20:25 / 29.08.2020
3051
5 daqiqa o‘qiladi

Arnasoydagi sessiyada ehtiyojmand oilalar uchun quriladigan 16 ta ko‘p qavatli uy loyihasi muhokama qilindi

Bugun Xalq deputatlari Jizzax viloyati Arnasoy tumani Kengashining to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz’ning Jizzax viloyatidagi muxbiri.

Oliy Majlis senati a'zolari, mahalliy kengash deputatlari, sektor rahbarlari hamda OAV xodimlari ishtirok etgan sessiya kun tartibida pandemiya davrida aholining ijtimoiy qatlamiga ko‘rsatilayotgan moddiy yordam hamda tumandagi umumta'lim muassasalarida 2020-2021 o‘quv yilini an'anaviy tarzda boshlash masalalari muhokama qilindi.

Dastlab tumanda aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, “Temir daftar”, tadbirkorlikni rivojlantirish, budjet daromadlarini oshirish va xorijda mexnat qilgan ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar to‘g‘risida tuman hokimi Jamoliddin Berdiboyevning hisoboti tinglandi.

Bugungi kunda tumanda jami 594 ta ehtiyojmand oila bo‘lib, ulardagi a'zolar soni 2333 nafarni tashkil qiladi. Bu oilalardan 320 tasi ijtimoiy himoyaga muhtoj. Shundan 17 tasi og‘ir kasallar, 1 tasi besh va undan ortiq farzandi bor oila, 57 tasi boquvchisini yo‘qotgan beva ayollar, 245 tasi ijtimoiy himoyaga muhtojlar bo‘lsa, 62 tasi pandemiya oqibatida daromadini yo‘qotgan oilalar, 138 tasi kam ta'minlangan oilalar, 65 tasi nogironlar hamda 9 tasini yakka-yolg‘iz keksalar tashkil qiladi.

Pandemiya davrida mazkur oilalarga 53,12 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 16,24 mln so‘mlik naqd (yoki plastik kartochka) pul ko‘rinishida yordamlar, 1 mln so‘mlik kommunal qarzlar uchun to‘lovlar, 5,2 mln so‘mlik dori-darmonlar, 54,1 mln so‘mlik boshqa iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi.

Sessiya kun tartibidagi birinchi masal bo‘yicha muhokamalar jarayonida tuman kengashi deputatlari tomonidan bugungi kunda tumandagi ehtiyojmad oilalar muammolari yuzasidan qilingan deputatlik so‘rovlariga mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan o‘z vaqtida e'tibor qaratilmayotganligi, “Temir daftarga” kiritilayotgan fuqarolar borasida saylovchilar tomonidan e'tirozlar bildirilayotganligi aytib o‘tildi.

Jumladan, Xalq deputatlari Arnasoy tuman Kengashi deputati G.Zoidova tomonidan tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga “Oltin vodiy” MFY hududidagi ehtiyojmand oilalarning elektr ta'minoti bo‘yicha bir necha bor yozma va og‘zaki qilgan deputatlik murojaatlari e'tiborsiz qoldirilayotganligi aytib o‘tildi.

Shundan keyin deputatlar sessiya kun tartibidagi ikkinchi masala, tumandagi maktablarning o‘z faoliyatini an'anaviy shaklda sentabr oyidan tiklashi borasida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qildi.

Bugungi kunda tumandagi mavjud 26 ta maktabning barchasi Respublika maxsus komissiyasi qarorida belgilangan tartibda karantin qoidalariga amal qilingan holatda o‘z faoliyatini boshlash uchun tayyor holatga keltirilgan.

Muhokamalar jarayonida Xalq deputatlari tuman kengashi deputati F.Abduhamidov tomonidan maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda bir yoqlama yondashuvga berilish natijasida maktablar karantin qoidalariga moslashtirilib, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning har bir 16 yoshga to‘lmagan farzandi uchun 500 ming so‘mdan moddiy yordam ajratish borasidagi bolalar ro‘yxatini shakllantirish ishlari boshlanmaganligi tanqid qilingan bo‘lsa, deputat O.Amakov maktablarning an'anaviy tarzda faoliyat boshlashini qo‘llab-quvvatlab ovoz bergan ota onalar bugun tumanda maktab o‘quv qurollari va formalari savdosi bilan shug‘ullanadigan savdo do‘konlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli ota-onalar viloyat markazidagi bozorlarga qatnab sarson bo‘lishayotganligi aytib o‘tildi.

Ushbu e'tirozlardan kelib chiqib, deputatlar ishtirokidagi ishchi guruhlari shakllantirilib, 7 sentyabrga qadar 16 yoshga to‘lmagan maktab o‘quvchilari ro‘yxatini shakllantirish hamda tumandagi maktablar grafigi asosida karantin qoidalariga amal qilgan holatda maktab yarmarkalarini tashkil etish belgilab olindi.

Sessiyada shuningdek, joriy yil yakunigacha turkiyalik investorlar tomonidan qurilish ishlari boshlanadigan banan plantatsiyasi loyihasi hamda yaratiladigan 1200 ish o‘rni haqidagi loyihalar deputatlar muhokamasiga taqdim etildi. E'tiborli jihati, mazkur ish o‘rinlari tumandagi ehtiyojmand oilalar uchun yaratilib, ularning har biriga 15 yillik ish faoliyati davomida imtiyozli tarzda bo‘lib to‘lash sharti bilan 16 ta 5 qavatli uydan iborat 1200 ta xonadon qurib topshiriladi.

Qizg‘in bahs va munozaralar tarzida o‘tgan sessiya yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Farrux Abduhamidov, Kun.uz muxbiri.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid