Jahon | 20:48 / 03.09.2020
10718
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh sudi Edvard Snoudenning haqligini tasdiqladi

AQSh sudi mamlakat maxsus xizmatlari fuqarolar ortidan kuzatuv olib borganini noqonuniy deb topdi. Shu tariqa, sud AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snoudenning haqligini tasdiqlagan.

Edvard Snouden / Foto: dw

Snouden aynan shu ma'lumotni oshkor qilgani uchun AQShni tark etishga majbur bo‘lgan va Rossiyada siyosiy boshpana olgan. 

U tomonidan oshkor qilingan maxfiy hujjatlarda nafaqat AQSh fuqarolari ortidan yoppasiga kuzatuv olib borilgani, balki yana 60 ta davlatda milliard nafardan ko‘proq odam kuzatuvda bo‘lgani haqida ma'lumot bo‘lgan. O‘shanda Snouden ushbu ma'lumotni oshkor qilgani uchun davlatga xiyonat qilishda ayblanib, AQShni tark etishga majbur bo‘lgan. 

Sud chiqargan qarorda Snouden haqida hech narsa aytilmagan, biroq AQSh Milliy xavfsizlik agentligi odamlar ortidan kuzatuv olib borgani va bu konstitutsiyaga zid bo‘lgani ta'kidlab o‘tilgan.

“7 yil avval yangiliklarda meni haqiqatni gapirganim uchun jinoyatda ayblashgani aytilganda, sudyalarimiz Milliy xavfsizlik agentligi faoliyatini noqonuniy deb topishlarini va buning fosh qilinishida mening xizmatimni tan olishlarini tasavvur ham qilmagandim”, deb izoh bergan ushbu qarorga Snouden tvitterda.

Milliy xavfsizlik agentligining AQSh fuqarolari telefon qo‘ng‘iroqlari ortidan kuzatuv olib borish dasturi 2015 yilda kongress qarori bilan to‘xtatilgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid