Jahon | 00:52 / 03.09.2020
7685
2 daqiqa o‘qiladi

BAA issiqdan saqlanish uchun OPeK+ bitimini buzganini tan oldi

Rasmiy Abu-Dabi neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha tuzilgan OPeK+ bitimini buzganini va avgust oyida belgilangan hajmdan ko‘proq neft qazib olganini tan oldi. Ta'kidlanishicha, BAA bunga issiq havodan saqlanish uchun borgan.

Foto: Gulfnews

Avgustda BAA kuniga 100 ming barrel ko‘proq neft qazib olgan. Dastlab buni neft olinishi ortidan kuzatuvchi blogerlar payqashgan. So‘ngra ushbu ma'lumotni BAAning energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazraviy tasdiqlagan.

“BAA neft qazib olishni kuniga 2,69 mln barrelgacha yetkazdi. Bu elektr energiyaga ehtiyojni qondirish chorasi sifatida amalga oshirilgan”, deb yozgan vazir tvitterda. U BAA OPeK+ bitimiga sodiqligini qo‘shimcha qilgan.

Khaleej Times nashri ma'lumotlariga ko‘ra, avgustda Amirliklarda havo harorati kunduzi 40-50 darajagacha yetgan. Shu bilan birga, u go‘yoki 65 darajadek his qilingan.  

Neft mahsulotlari va gaz BAAda elektr energiya ishlab chiqarishda qo‘llanuvchi asosiy yonilg‘i turlari hisoblanadi. Avgustda mamlakat arab olamidagi birinchi atom elektr stansiyasini ishga tushirgan: stansiyaning 1400 MVtli 4 ta blokidan birinchisi foydalanishga kiritilgan. Stansiya BAAning elektr energiyaga ehtiyojining chorak qismini qondira oladi. 

Neft bozorida taklifning talabdan oshib ketishi sababli yuz bergan inqiroz va bu bilan bog‘liq holda narxlar keskin tushib ketishi ortida neft qazib oluvchi davlatlar aprelda dunyo bo‘ylab qazib olinadigan kunlik neft hajmini 9,7 mln barrelgacha qisqartirishga kelishib olgan edi. Ushbu chora ish berib, deyarli nol qiymatga tushib ketgan neft qimmatlasha boshlagan. 

 

Mavzuga oid