Jahon | 11:48 / 04.09.2020
4331
2 daqiqa o‘qiladi

Kipr hukumati 18 yil ichida berilgan barcha “oltin pasportlar”ni tekshiradi

Kipr hukumati “investitsiyalar evaziga fuqarolik” dasturi bo‘yicha berilgan barcha pasportlarning qonuniyligini tekshiradi. Dastur 18 yildan beri mavjud bo‘lib, uning doirasida 2002 yildan 2020 yil 31 iyulgacha berilgan barcha pasportlar tekshiriladi. Bunga “oltin pasportlar” deb ataluvchi hujjatlarning jinoyatlarda gumon qilingan xorijliklarga berilgani haqida tarqalgan ma'lumot sabab bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Kipr hukumati vakili Kiriakos Kousiosning ma'lum qilishicha, pasport berilishi qonunga xilof bo‘lmaganini tekshirish uchun maxsus mustaqil komissiya tashkil etiladi. Komissiyani shakllantirish bilan Kipr bosh prokurori shug‘ullanadi. Komissiya tergov o‘tkazishda keng vakolatlar oladi. 

Avvalroq Al Jazeera telekanali Kipr hukumati “oltin pasportlar”ni jinoyatlarda gumon qilingan yoki ayblangan xorijliklarga berganini ma'lum qilgan. Kipr ichki ishlar vazirligida ta'kidlanishicha, investitsiyalar evaziga mamlakat fuqaroligini olganlarning barchasi rasmiy idoralar tomonidan tekshirilgan va ularning barchasi talab etilgan shartlarga mos kelgan.     

Kipr avgust oyida ushbu dastur shartlarini o‘zgartirishga qaror qilgan. Endilikda bir yil yoki undan ko‘proq vaqtdan beri o‘z lavozimidan ketgan “siyosiy ahamiyatdagi shaxslar” (davlatlar rahbarlari va yuqori lavozimli shaxslar, deputatlar, sudyalar, merlar, qurolli kuchlar zobitlari, elchilar va h.k.) o‘z kapitallari kelib chiqishi manbaini isbotlashlari kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ariza beruvchi yashagan davlat tomonidan uning sudlanmaganligi haqidagi ma'lumotnoma Kipr fuqaroligini olish uchun hujjatlar topshirilishidan kamida 6 oy (avval bu muddat 3 oy bo‘lgan) oldin berilgan bo‘lishi lozim.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid