Jahon | 09:28 / 06.09.2020
25105
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda koronavirusdan kasallanish bo‘yicha kunlik rekord qayd etildi

5 sentyabrda dunyo bo‘ylab 304 ming 626 kishida koronavirus aniqlandi. Jon Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich pandemiya boshidan beri rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Foto: AP

Avvalgi antirekord 14 avgustda qayd qilingan. O‘shanda dunyo bo‘ylab 24 soat ichida 304 ming 351 kishida virus aniqlangan.

Ayni vaqtda dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 26,739 mlndan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Kasallanish holatlari bo‘yicha AQSh 1-o‘rinda turibdi – 6,2 mln kasallanish. Keyingi o‘rinlarni Braziliya (4,09 mln kasallanish), Hindiston (4,02 mln), Rossiya (1,02 mln) va  Peru (676,8 ming) egallamoqda.

Koronavirus infeksiyasidan vafot etganlar soni 876 ming 938 nafarni tashkil qilmoqda. Bu borada ham AQSh 1-o‘rinni egallamoqda – 188,5 ming o‘lim. Keyingi o‘rinlarni Braziliya (125,5 ming o‘lim), Hindiston (69,5 ming),  Meksika (66,8 ming) va Britaniya (41,6 ming) egallamoqda. 

So‘nggi sutkada koronavirus infeksiyasidan dunyo bo‘ylab 5637 kishi vafot etgan. Bu boradagi antirekord 14 avgustda qayd qilingan va o‘shanda bir kun ichida 10 ming 135 kishi koronavirus qurboniga aylangan.

Avgustda JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus davlatlar yakdillik namoyish qilib, birlasha olsa, insoniyat koronavirus pandemiyasini 2 yildan kamroq vaqt ichida yenga olishini aytgandi.

Mavzuga oid