Jahon | 22:50 / 07.09.2020
3870
2 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya jahon iqtisodiyotiga 35 trln dollarga tushishi mumkinligi ma'lum qilindi

Iqtisodchilar aksariyat mamlakatlar pandemiya boshlangan paytda qabul qilingan qo‘llab-quvvatlov choralaridan juda erta voz kechayotganidan xavotir bildirishmoqda.

Foto: Paul Yeung/Bloomberg

2025 yilga kelib koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyotiga 35 trln dollar atrofida zarar yetkazishi mumkin, deb yozmoqda Bloomberg ekspertlar fikriga tayanib.

Iqtisodchilar aksariyat mamlakatlar pandemiya boshlangan paytda qabul qilingan qo‘llab-quvvatlov choralaridan juda erta voz kechayotganidan xavotir bildirishmoqda. Hozirda jahon iqtisodiyoti inqirozdan keyingi tiklanish cho‘qqisida, ammo uni oldinda yangi xatarlar kutib olishi mumkin.

Eng asosiy xatarlardan biri kuz-qish davrida yuz berishi mumkin bo‘lgan ikkinchi to‘lqindir. Ko‘plab mamlakatlarda yil oxiriga kelib ishsiz qolganlarni qo‘llab-quvvatlov choralari muddati nihoyasiga yetadi. Ekspertlar bu choralarni bekor qilishga hali erta deb hisoblashmoqda.

Shuningdek, qayd etilishicha, koronavirusga qarshi vaksina yaratish borasidagi sa'y-harakatlarga qaramasdan, unga barcha birdaniga erishishi qiyin.

Iqtisodchilarning bildirishicha, ayrim yirik kompaniyalar yangi ishdan bo‘shatishlar haqida e'lon qilgan. Xitoyda esa aholining xarid qobiliyati hali tiklanganicha yo‘q.

Yevropada fabrika va zavodlar talab ozligi uchun xarajatlarni qisqartirishga urinmoqda. Fransiya va Germaniya qo‘llab-quvvatlash dasturlarini uzaytirdi, Buyuk Britaniya esa oktyabrda to‘xtatmoqchi. Bu millionlab ish o‘rinlarini xavf ostiga qo‘yadi.

Avstraliya milliy universiteti xodimi Uorvik MakKibbinning hisob-kitobiga ko‘ra, koronavirus 2025 yilgacha jahon iqtisodiyotiga 35 trln dollarga yaqin zarar yetkazishi mumkin.

Mavzuga oid