O‘zbekiston | 21:15 / 07.09.2020
25507
9 daqiqa o‘qiladi

Turk nashrlari: O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashda mintaqa davlatlariga o‘rnak bo‘ldi

Turkiyaning nufuzli nashrlaridan biri «Haberturk» O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar e'tirof etilgan maqola e'lon qildi. Bu maqola «Bursahakimiyet» nashri cahifalaridan ham joy oldi.

Koronavirus tarqalishi yana avj olishi tufayli ko‘plab mamlakatlarda yangi kasallanish holatlari va o‘limlar soni ko‘payib borayotgan bir paytda O‘zbekistonda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlarning samarasi diqqat-eʼtiborni tortayotgani ta'kidlangan mazkur maqolada quyidagi fikrlar bayon etiladi.

Koronavirus epidemiyasining dastlabki kunlaridan boshlab, O‘zbekiston hukumati boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, mamlakatda Navro‘z kabi ommaviy marosimlar o‘tkazilishiga chek qo‘ydi, maktablar faoliyatini to‘xtatdi. Boshqa davlatlar bilan havo va quruqlik yo‘llari yopildi, temir yo‘llar qatnovi to‘xtatildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev epidemiya boshlanishi bilan fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash va iqtisodiy barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan jami 14 banddan iborat qarorni kuchga kiritdi.

Epidemiyaning butun dunyoga tarqalishi bilan O‘zbekiston hukumatining muvaffaqiyatli kurashi mintaqadagi davlatlarga qaraganda mamlakatning juda oz yo‘qotishga uchrashini ta'minladi. Epidemiya tarqalish tezligi pasayganidan keyin boshlangan normallashuvdan so‘ng, yana o‘sish kuzatila boshlandi. Yangi holatlar sonining o‘sishi hukumatni erta choralar ko‘rishga undadi. Vaziyat murakkablashishini kutib o‘tirmay, barvaqt choralar ko‘rilishi natijasida mamlakatdagi epidemiya sur'ati tag‘in nazorat ostiga olindi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan ajratilgan moliyaviy resurslar sog‘liqni saqlash tizimi salohiyatini, individual himoya vositalari va boshqa tibbiy asbob-uskunalarni mustahkamlashga sarflandi.

Inqirozga qarshi olib borilgan moliyaviy chora-tadbirlar doirasida Moliya vazirligi tomonidan 10 trillion so‘m (1 milliard AQSh dollari) miqdoridagi Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu jamg‘armadan 5 trillion 293 milliard so‘m (520 million AQSh dollari) sarflangan. Bundan tashqari, koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish uchun 746 milliard so‘m (74 million AQSh dollari), qo‘shimcha investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 trillion 741 milliard so‘m (170 million AQSh dollari), fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish uchun 641 milliard so‘m (62 million dollar), iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion 166 milliard so‘m (210 million AQSh dollari) ajratildı. O‘z vaqtida amalga oshirilgan chora-tadbirlardan 500 mingdan ortiq korxona va 8 million fuqaro foydalandi, viloyatlarda bu miqdor 30 trillion so‘mni (3 milliard AQSh dollari) tashkil etdi.

Hozirda mintaqadagi mamlakatlar bilan taqqoslaganda O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi yuqori, yangi holatlar soni ham nisbatan kam. O‘zbekistonda holatlar soni har 100 ming kishiga 35 nafardan to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 484, Belarusda 681, Qozog‘istonda 291, Qirg‘izistonda 143 va Armanistonda 1024 kishini tashkil qiladi. Kasallanish holatlari soni 34 million aholiga ega O‘zbekistonda 18,5 million aholiga ega bo‘lgan Qozog‘istonga nisbatan 5 baravar kam. 

Mamlakatda koronavirus infeksiyasidan o‘lim darajasi ham juda past – 0,4 foiz. Bu esa Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi qo‘shni davlatlarga qaraganda 2-3 baravar kam degani. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 1,5foiz, AQShda 4 foiz, Braziliyada va Hindistonda 3 foizni tashkil qilmoqda.

O‘zbekiston bunga qanday erishdi? 

O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallangan fuqarolarni aniqlash va ularga zaruriy yordamni ko‘rsatish to‘laligicha davlat zimmasida bo‘ldi. Koronavirusga qarshi kurashga jami 1,7 trillion so‘m (1,7 milliard AQSh dollari) ajratildi. Bir bemorga o‘rtacha 32,3 million so‘m (3 ming 200 AQSh dollari), intensiv terapiyada davolanuvchilar uchun esa 64,4 million so‘m (6 ming 300 AQSh dollar) sarflandi. Fair Health ma'lumotlariga ko‘ra, AQShda koronavirusga chalingan bemorlar uchun 73,3 ming dollar, agar ularning sug‘urtasi bo‘lmasa, 38 ming dollar sarflanmoqda.

Covid-19 jarayonida O‘zbekiston hukumati sog‘liqni saqlash xodimlari uchun 878 ming kombinezonlar yetkazib berdi. Shu bilan birga, Toshkent shahridagi jami 4 ming 637 o‘rinli 16ta sog‘liqni saqlash markazlarining 3 ming 580ta yotog‘i Covid-19 bemorlari uchun ajratildi. Viloyatlarda esa koronavirus bilan kasallanganlar uchun jami 3 ming 367 o‘rinli 22ta shifoxona tayyorlangan. Epidemiya davrida 7 ming 130ta zaxira yotoqlar foydalanishga topshirildi va Toshkentda ochilgan yangi yuqumli kasalliklar shifoxonasida 2 mingga yaqin bemorni davolash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab umumiy yotoq hajmi 10 ming kishiga mo‘ljallangan karantin markazlarida ham tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. 

Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash tufayli imkoniyatlar saqlab qolindi

O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun, avvalo, daromad solig‘ini nolga tushirdi. Shuningdek, pandemiyadan zarar ko‘rganlarga yo‘naltirilgan sog‘liqni saqlash va bojxona to‘lovlari kechiktirildi. Kichik va o‘rta korxonalar qo‘llab-quvvatlandi. Tadbirkorlar yer va mol-mulk solig‘idan ozod etildi.

Ushbu davr mobaynida xizmat ko‘rsatish sohasidagi 60 foiz, ishlab chiqarishdagi 77 foiz korxonaning ish faoliyati ta'minlandi. May oyi o‘rtalaridan e'tiboran, kichik va o‘rta korxonalar zarar ko‘rishining oldini olishga qaratilgan tadrijiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Mavjud korxonalarni rivojlantirish va yangilarini ochish orqali 3 oy ichida 374 ming fuqaro ish bilan ta'minlandi. 33 mingta kam ta'minlangan oilalarga moliyaviy yordam, 27 ming ishsiz fuqaroga 10 milliard so‘m (1 million AQSh dollar) miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Xalqaro institutlar ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoning barcha mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish pasaygan. O‘zbekistonda esa o‘sish ko‘rsatkichi saqlanib qolmoqda. Jahon bankining aprel oyidagi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda butun yil davomida iqtisodiy o‘sish 1,6 foiz, Fich Ratings’ga ko‘ra 2 foizni tashkil etadi. YeTTBning may oyidagi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 1,5 foiz o‘sishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, SEİR tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, mamlakatda epidemiya davrida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli, O‘zbekistonda bir oyni istisno qilganda, boshqa hech qanday iqtisodiy inqiroz kuzatilmadi. Mamlakatda cheklovlarni yumshatish va hayotni qaytadan jonlantirish jarayoni jadal davom etmoqda.

Xorijiy savdo-sotiqda ham rivojlanish kuzatilmoqda

O‘zbekiston taraqqiyoti bugun har qanday sohada yuqori sur'atlarda davom etmoqda. Mamlakat bo‘ylab tashqi savdo aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish katta ahamiyatga ega. Davlat, umuman olganda, demokratik o‘zgarishlarga, shuningdek, iqtisodiy ehtiyoj va talablarga javob beradigan maqomga ega. O‘zbekiston bilan umumiy aloqada bo‘lgan mamlakatlar orasida yirik iqtisodiyotga ega AQSh davlati birinchi o‘rinda turadi. Hamkorlik doirasidagi ikki tomonlama munosabatlar darajasi raqamlarda aks etmoqda. 2019 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2018 yilga nisbatan 44 foizga, import hajmi esa 49,9 foizga o‘sdi.

Pandemiyaga qaramay, yuksalib borayotgan ko‘rsatkichlar o‘zaro munosabatlar uzoq muddatli strategik ahamiyatga egaligini ko‘rsatadi. Bularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining amaliy va uzoq muddatli iqtisodiy siyosati natijasi ekanini va mavjud salbiy vaziyat vaqtinchalik ekanligini isbotlamoqda.

O‘zbekistondagi ichki va tashqi iqtisodiy siyosat dunyo e'tiborini tortmoqda. Siyosatshunoslar O‘zbekistonning o‘zgarayotganini ta'kidlashmoqda, uning ichki va tashqi siyosiy yutuqlari haqida fikr bildirishmoqda. Bularning barchasi mamlakatning dunyo hamjamiyati bilan birlasha boshlaganini ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid