O‘zbekiston | 15:37 / 08.09.2020
33179
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ayolni ayovsiz kaltaklash bilan bog‘liq holat nazoratga olingan - Senat

Ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan shafqatsiz kaltaklangani aks etgan video tarqalgan edi. So‘ng Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi zo‘ravon er qo‘lga olinganini ma'lum qildi.

IIB tomonidan berilgan rasmiy xabarda Samarqand shahar Termiz ko‘chasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan M. oilaviy kelishmovchiliklari sababli turmush o‘rtog‘i — 1985 yilda tug‘ilgan Sh. tomonidan qiynoqqa solinib, kaltaklab kelingani aytilgan.

Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabariga ko‘ra, Samarqand shahar IIB tomonidan bugungi kunda M.ga himoya orderi berilgan va maxsus markazga farzandlari bilan birga joylashtirilgan. 

«Markazda malakali psixologlar jalb qilinib, psixologik yordam berilyapti, shuningdek, M. to‘liq tibbiy ko‘rikdan ham o‘tkazilgan. Barcha zarur dori vositalari olib berilib, sog‘lig‘ini tiklashi uchun yordam ko‘rsatilmoqda. Hozirgi kunda jabrlanuvchi mazkur maxsus markazda 2 nafar farzandi bilan yashab kelmoqda», - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, M. va uning ikki nafar farzandi Samarqand shahar IIB tomonidan himoyaga olinib, moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hozirda uning turmush o‘rtog‘i Sh.ga nisbatan Samarqand shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy ko‘rib chiqilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan, deyilgan Senat xabarida.

Mavzuga oid