22:07 / 09.09.2020
3290

Moldova prezidenti ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yishini e'lon qildi 

Moldova prezidenti Igor Dodon prezident saylovlariga o‘z nomzodini qo‘yishini e'lon qildi. Saylov 1 noyabrda bo‘lib o‘tadi.  

Foto: AP

“Men prezident sifatida ikkinchi muddatga nomzodimni qo‘yishga qaror qildim, chunki prezident lavozimida ishimni davom ettirishimni va o‘z siyosatimni oxirigacha yetkazishimni istayotgan fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishimga ishonaman. Buni men ham istamoqdaman – ikkinchi prezidentlik muddati vaqtida birinchisida boshlagan ishlarimni davom ettirmoqchiman”, deb ta'kidlab o‘tgan Dodon. 

Moldova prezidentining ta'kidlashicha, u uchun birinchi prezidentlik muddati og‘ir kechdi. “Dastlabki bosqichda Plaxotnyukning oligarxcha tuzumiga duch keldik va uni to‘ntara oldik. So‘ngra koronavirus pandemiyasi, qurg‘oqchilik, ko‘plab iqtisodiy agentlar faoliyatining to‘xtashi yuz berdi”, deb yozgan Dodon feysbukda.

Dodonning fikricha, Moldova prezidenti mamlakatning tashqi siyosatida ham muvozanatni ushlay oladigan odam bo‘lishi kerak. “Moldovaga milliy qadriyatlarni hurmat qiluvchi, moldovancha urf-odatlar va nasroniy diniga amal qiluvchi, tashqi siyosatda esa ham Rossiya, ham G‘arb bilan yaxshi munosabatlarni qo‘llab-quvvatlay oladigan vatanparvar yetakchi boshchilik qilishi kerak”, deb ta'kidlab o‘tgan Moldova rahbari.

Igor Dodon 2016 yil dekabrda Moldova prezidenti etib saylangan. Bungacha u Moldova iqtisodiyot va savdo vaziri, bosh vazir birinchi o‘rinbosari lavozimlarini egallagan. 

Mavzuga oid
Top