Fan-texnika | 17:21 / 10.09.2020
6523
2 daqiqa o‘qiladi

Huawei kompaniyasi Android o‘rnini egallaydiga o‘z operatsion tizimini namoyish etdi

Harmony 2.0 Google kompaniyasining Android mobil operatsion tizimini o‘rnini egallash uchun ishlab chiqilgan.

Foto: Huawei

Huawei kompaniyasi Developer 2020 anjumanida o‘zining Harmony 2.0 deb nomlanuvchi operatsion tizimini namoyish etdi. Kompaniyaning iste'molchilar biznesi yo‘nalishi rahbari Richard Yuning ma'lum qilishicha, ochiq kodli HarmonyOS mobil versiyasi 2020 yil oxirida xitoylik ishlab chiqaruvchilar, so‘ngra boshqalar uchun chiqariladi.

Harmony 2.0 Google kompaniyasining Android mobil operatsion tizimini o‘rnini egallash uchun ishlab chiqilgan, dedi Yu.

 Qayd etilishicha, yangi operatsion tizimni ishlab chiqqanlar asosiy e'tiborni «aqlli» qurilmalarning bir-biri bilan sinxronlashishiga qaratishgan. Harmony 2.0 yordamida bir nechta ana shunday qurilmani birlashtirish va ularning barchasini bir xil tezlikda boshqarish mumkin. Masalan, o‘qituvchi telefondagi ilovani planshet va televizorga chiqarishi mumkin: o‘quvchilar mashqlarni planshetda bajarishlari, o‘qituvchi esa jarayonni televizor orqali kuzatib, ularga telefonidan topshiriqlar jo‘natishi mumkin bo‘ladi.

Yuning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Xitoy va xorij kompaniyalari ushbu operatsion tizim uchun ommabop ilovalar ishlab chiqa olishlariga imkoniyat yaratishga harakat qilgan. 

2019 yil may oyida AQSh savdo vazirligi Huawei kompaniyasini milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin deb hisoblab qora ro‘yxatga kiritgandi. Amerika kompaniyalariga Huawei’ga yuqori texnologiya mahsulotlarini sotish taqiqlangan. Shundan so‘ng Google (Android egasi) Huawei bilan hamkorlikni to‘xtatishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid