O‘zbekiston | 19:12 / 10.09.2020
21033
2 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov koronavirusdan sog‘aydi

O‘zbekistonning bosh davlat sanitariya inspektori – iyul oyi oxirida koronavirus yuqtirib olgan Nurmat Otabekov kasallikdan tuzaldi. Kun.uz muxbiir epidemiolog bilan qisqa suhbatda bo‘ldi.

– Nurmat Satiniyazovich, ortda qolgani rost bo‘lsin. Kasallik og‘ir kechmadimi?

– Rahmat, aytganingiz kelsin. Kasallik yoshimga va jismoniy holatimga muvofiq kechdi. Shukr, davolanib chiqdim, shifo topishimda o‘z hissalarini qo‘shgan hamkasblarimizga rahmat aytaman.

– Kasallik tufayli ma'lum muddat pandemiyaga qarshi kurash jarayonlarida ishtirok etmadingiz. O‘zgarishlarni kuzatib bordingizmi?

– Shifoxonada bo‘lsam-da, sohamizga oid barcha jarayonlarni kuzatib bordim, faoliyatimga aloqador muhim masalalar yuzasidan o‘z tavsiyalarimni berdim. Hozirgi zamonda aloqa vositalari hammaning qo‘lida, barcha ma'lumotlarni olib turish mumkin. Bu davrda cheklovlar yumshatildi, kasallik ancha jilovlandi, ayrim faoliyatlarga ruxsat berildi. Ammo bu karantin qoidalari bekor qilindi, degani emas. Bo‘shashish aslo yaramaydi.

O‘tgan vaqt mobaynida hamyurtlarimiz gigiyena qoidalariga rioya qilishga jiddiy qarashni o‘rgandilar. Mana shu odatlarga doimiy rioya qilishni yo‘lga qo‘yishimiz shart.

– Qachon ishni boshlashni rejalashtirayapsiz?

– Ishni boshladim, desam ham bo‘ladi. Bu kasallikka chalinishim va sog‘ayishim hayotimning o‘ziga xos bosqichi bo‘ldi. Oldin bu kasallik bo‘yicha nazariy bilimlarga ega bo‘lgan bo‘lsam, endi o‘z boshimdan o‘tkazdim, tajribam yanada oshdi va amaliy bilimga ham ega bo‘ldim.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid