O‘zbekiston | 09:22 / 10.09.2020
12641
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston bosh vazirlari chegaralarni ochish va parvozlarni tiklash masalasini ko‘rib chiqadi

Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zbek-tojik munosabatlarining bir qator masalalarini muhokama qilish uchun Dushanbega keladi.

Foto: khovar.tj

Tojikiston va O‘zbekiston savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy hamkorligi bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi 28-29 sentabr kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Bu haqda «Aziya-Plyus» Tojikiston hukumatiga tayangan holda xabar bermoqda.

Hukumatlararo komissiya hamraisi O‘zbekiston Abdulla Aripov va uning tojikistonlik hamkasbi Qohir Rasulzodadir.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasida mart oyining o‘rtalarida koronavirus infeksiyasi tarqalishi sababli yopilgan chegaralarni ochish va parvozlarni tiklash bo‘yicha kelishib oladilar.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro savdo-sotiqni rivojlantirish, istiqbolli investitsiya loyihalari, transport va kommunikatsiya sohasidagi aloqalarni kengaytirish, hududlar o‘rtasidagi munosabatlarni muhokama qiladi.

Ushbu yig‘ilishda Tojikistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish hajmi, O‘zbekistondan Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi va ularning kelgusi yilgi narxlari to‘g‘risida ham kelishib olinadi, deya ta'kidlab o‘tgan manba.

O‘tgan yili O‘zbekiston 1 milliard 425,1 million kVt/soat tojik elektr energiyasini har bir kilovatt uchun 2 AQSh senti narxida oldi. Tojikistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi eksportining umumiy hajmi 28,5 million dollarni tashkil etdi.

2019 yilda Tojikiston O‘zbekistondan 140 million kubometr tabiiy gazni 17,7 million dollarga sotib oldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid