O‘zbekiston | 11:56 / 10.09.2020
1863
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident tomonidan MDH doirasida amal qiladigan iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid hujjatlar tasdiqlandi

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan MDH doirasida amal qiladigan iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid hujjatlar tasdiqlandi.

Prezidentning 2020 yil 24 avgustdagi PQ-4813-son qarori bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik qilishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi Bitim (Moskva, 2000 yil 25 yanvar);
  • Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik qilishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnoma (Minsk, 2011 yil 19 may).

Norma’ning yozishicha, hujjatlar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlatlararo hamkorlikning huquqiy asosi hisoblanadi. MDH ishtirokchi-davlatlari fuqarolariga ularning manfaatlarini bitim ishtirokchi-davlatlarining hududlarida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning nohalol faoliyatidan himoya qilish bo‘yicha teng sharoitlar kafolatlanadi. Ular tashrif buyurgan hududlarida maxsus vakolatli davlat organlari va jamoatchilik tashkilotlariga, boshqa organlarga murojaat qilishga, sudlarga da'vo taqdim etishga hamda boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirishga haqlidirlar.
 
Bayonnoma bilan MDH ishtirokchi-davlatlarining iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Maslahat kengashi quyidagilarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan:

  • iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash, samarali siyosatni shakllantirish;
  • MDH ishtirokchi-davlatlarining fuqarolari uchun teng sharoitlarni shakllantirishda, ularning iste'mol huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun transparent sharoitlarni yaratishda ko‘mak ko‘rsatish;
  • iste'mol bozorida tovarlar va xizmatlarning sifati va xavfsizligi borasidagi qonun hujjatlari talablarini buzayotgan nohalol xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni ogohlantirish maqsadida samarali nazorat tizimini yaratishda ko‘maklashish;
  • MDH doirasida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha birgalikda ishlarni amalga oshirish mexanizmini yanada rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish.

Kengashda ishtirokchi-davlatlar manfaatlarini ushbu sohadagi davlat organlari rahbarlari taqdim etadilar. Har bir davlat bittadan ovozga ega bo‘ladi. Yig‘ilish zaruratga qarab, biroq bir yilda kamida bir marta o‘tkaziladi. Bir yoki bir nechta davlatlar vakillarining tashabbusiga ko‘ra Kengash a'zolarining kamida 1/3 qismining roziligi bilan navbatdan tashqari yig‘ilish chaqirilishi mumkin. Kengash qarori ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va tavsiyaviy tusga ega bo‘ladi.
 
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mazkur xalqaro shartnomalarni amalga oshirish uchun mas'ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi. O‘zbekiston TIV tomonidan bu haqda depozitoriyga – MDH Ijroiya qo‘mitasiga bildirishnoma yo‘llanadi. Hukumat hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlariga mazkur xalqaro shartnomalar kuchga kirganidan keyin mamlakatimiz majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni ta'minlash topshirildi.
 
Hujjat 25.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid