Jahon | 22:25 / 11.09.2020
2816
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriyada koronavirus yuqtirish holatlari ko‘payganligi sababli yangi cheklov choralari kiritildi

Endilikda nafaqat jamoat transporti va birinchi zarurat buyumlari do‘konlarida, balki barcha do‘konlarda hamda maktablarda niqob taqish majburiy etib belgilandi.

Foto: AFP

Avstriya hukumati koronavirus yuqtirish holatlari soni oshganligi sababli niqob taqish shart bo‘lgan jamoat joylari ro‘yxatini kengaytirdi va yangi cheklov choralarini joriy etdi. Bu haqda Avstriya kansleri Sebastyan Kurs ma'lum qildi.

"Vaziyat yana jiddiylashmoqda. Keyingi haftalarda raqamlar o‘sishda davom etdi. Sizlarni yanada hushyor bo‘lishga chaqiraman", - dedi Kurs.

Kursning so‘zlariga ko‘ra, endilikda nafaqat jamoat transporti va birinchi zarurat buyumlari do‘konlarida, balki barcha do‘konlarda hamda maktablarda niqob taqish majburiy. 14 sentyabrdan qahvaxona va restoranlar ofitsiantlari ham niqob taqishlari shart.

Bundan tashqari, kanslerning aytishicha, bino ichida 50dan ortiq hamda ochiq havoda 100dan ortiq kishi ishtirokida shaxsiy marosimlar o‘tkazish taqiqlanadi.

Kurs koronavirus tarqalishi sur'ati tezlashadigan bo‘lsa, choralar yanada qat'iylashtirilishini aytdi.

Avstriyada oxirgi sutkalarda 580 ta yangi kasallanish holatlari aniqlandi, ikki kishi vafot etdi.

Mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon 31,8 ming holat qayd etilgan, 750 bemor vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid