Jahon | 22:18 / 11.09.2020
26709
7 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: dunyoda pandemiyaning yarim yilligi, Ukraina va Fransiyada antirekordlar

Juma kuni JSST tashkilotining Covid-19 tarqalishini pandemiya deb tan olganiga 6 oy bo‘ldi. U asosan sanoqli orol davlatlaridan tashqari butun dunyoni qamrab oldi.

Foto: AP/TASS

JSSTning aprel oyidagi ma'lumotlariga ko‘ra, Lesoto, Vanuatu, Kiribati, Tonga, Mikroneziya, Palau, Tuvalu, Nauru, Komor orollari, Solomon va Marshall orollari va Samoada koronavirus kasalligi aniqlanmagani qayd etilgandi. Shuningdek, Turkmaniston va Shimoliy Koreyadagi holatlar haqida hech qanday ma'lumot yo‘q, ammo ekspertlar ushbu ikki mamlakatda haqiqiy ma'lumotlar rasmiylar tomonidan yashiriladi deb hisoblashadi. 

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda deyarli 28,1 million kishi koronavirus bilan kasallangan, 910 ming kishi vafot etgan.

BBC jahon xizmati so‘nggi olti oylik pandemiya davrida dunyodagi vaziyatni baholash uchun tadqiqot o‘tkazdi. So‘rovnomada 30 ming kishi ishtirok etgan. Xulosalardan biri shundan iboratki, pandemiya har bir alohida mamlakat ichida ham, mamlakatlar o‘rtasida ham ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirdi.

Shuningdek, kambag‘al mamlakatlar uchun Covid-19’ning qisqa va uzoq muddatli oqibatlari ancha jiddiyroq. Shaxsiy moliyaviy ahvolning sezilarli darajada yomonlashishi haqida kambag‘al mamlakatlardagi (Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrika) respondentlarning 69 foizi, farovonroq bo‘lgan mamlakatlardagi (Yevropa va Shimoliy Amerika) ishtirokchilarning 45 foizi xabar qilgan. 

Pandemiya sababli moliyaviy ahvoli yomonlashgan aholining eng yuqori foiz ulushi quyidagi mamlakatlarga to‘g‘ri keladi: Keniya (91 foiz), Tailand (81 foiz), Nigeriya (80 foiz), JAR (77 foiz), Indoneziya (76 foiz) va Vetnam (74 foiz). 

Yevropadagi vaziyat
Fransiyada so‘nggi 24 soat ichida 9843ta yangi holat qayd etildi, bu bilan pandemiya boshidan beri mamlakatda qayd etilgan kunlik eng yuqori ko‘rsatkich yana yangilandi. Yaqin vaqtlar ichida Fransiya rasmiylari yangi qat'iy lokdaunni oldini olish uchun bir qator choralarni kuchaytirishni muhokama qilishadi. 

Kataloniyada juma kuni milliy bayram nishonlanadi, shu munosabat bilan mahalliy rasmiylar 48 mingga yaqin odamni ko‘chaga chiqardi. Bayramlar doirasida butun mintaqada 100dan ortiq yurishlar o‘tkazilmoqda. Kataloniya milliy assambleyasi barcha xavfsizlik choralari va gigiyena me'yorlariga rioya qilinganini da'vo qilmoqda.

Madridga ko‘plab e'tirozlari bo‘lgan katalonlar epidemiologlarning ko‘rsatmalarini inkor etgan holda bayramni nishonlashga qaror qilishdi

Avvalroq Barselona tibbiyot kolleji prezidenti Xaume Padros rasmiylar va fuqarolarni ommaviy tadbirlardan voz kechishga chaqirgan edi. G‘arbiy Yevropaning ko‘plab hududlarida epidemiologik vaziyat yana yomonlashdi. Ispaniya kasallanganlar soni bo‘yicha (554,1 ming) Yevropada eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat va o‘lim soni bo‘yicha (29,7 ming) qit'ada to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. 

Butun pandemiya paytida Shveytsariya hisobot yangiliklarida kamdan kam qayd etildi, u yerdagi vaziyat - Yevropada eng qoniqarli holatlardan biri. Biroq, so‘nggi kunlar davomida Frayburg kantonidagi ikkita qariyalar uyida kasallik avj olgani aniqlandi. 90 kishiga Covid-19 tashxisi qo‘yilgan (58 nafar qariya va 32 nafar xodim), sakkiz kishi vafot etgan. Ijtimoiy xizmatlar ularga nisbatan yanada ehtiyotkorlik bilan g‘amxo‘rlik qilish uchun keksa odamlarni kasalxonalarga joylashtirishga urinishmoqda. Pandemiya tufayli Shveytsariyadagi qariyalar uylarida xodimlar soni sezilarli darajada kamaydi. 

Shveytsariyadagi umumiy holatlar soni 45 mingdan ortiq, o‘limlar soni 1700dan oshadi. 

Bir kun ichida rekord miqdordagi kasallanish holati Ukraina (3144 holat) va Chexiyada (1382) qayd etildi. Bu ikki mamlakat rasmiylari bunga odamlarning gigiyena qoidalariga beparvo munosabatda bo‘lishi sabab deb hisoblaydi. 

11 sentyabrdan Buyuk Britaniya Portugaliyadan kelganlar uchun ikki haftalik karantinni qayta tiklaydi. Faqatgina Azor oroli va Madeyra bundan mustasno: u yerda dam oluvchilar izolyatsiya qilinishi shart emas. 

Karantin qoidasi Vengriyadan qaytuvchilar uchun ham tiklandi, Angliya esa (Uels va Shotlandiyadan tashqari) Fransiya Polineziyasini ham ushbu ro‘yxatga kiritdi. 

Jahon turizm va sayyohlik kengashi prezidenti Gloriya Guyevaraning aytishicha, Buyuk Britaniyaning Portugaliya va Vengriyani havo ko‘prigi deb nomlangan shartnomadan chetlashtirishi ko‘pchilikni chiptalarni almashtirishga shoshilishga majbur qildi. Butun boshli oilalar shoshilinch ravishda ushbu mamlakatlardan Britaniyaga zudlik bilan qaytib, 14 kunlik izolyatsiyadan qochishga harakat qilmoqda. 

Britaniya hukumati Vengriya va Portugaliyadagi epidemiologik vaziyatni yana noxush deb hisoblamoqda, ammo shu bilan birga, pandemiya boshlanganidan beri bir kun ham lokdaun holatida bo‘lmagan Shvetsiyani karantin majburiy bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. 

Boshqa yangiliklar
Hindiston
da navbatdagi kunlik antirekord - 96 ming holat. Bir haftadan ko‘proq vaqt davomida mamlakatda aniqlanayotgan kunlik yangi holatlar soni 90 mingdan oshyapti. Hindistonda ro‘yxatga olingan holatlarning umumiy soni 4,5 milliondan ortadi (dunyoda ikkinchi o‘rinda), 76,2 ming kishi vafot etgan (dunyoda uchinchi).

Keniya - Covid-19 tufayli aholisining eng ko‘p qismi jabr chekkan mamlakat bo‘ldi. Keniyaliklarning 91 foizi daromad manbayidan ayrilgan.

AQSh kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda yetakchilikni davom ettirmoqda - mos ravishda 6,4 million va 1,9 million holatlar. Mamlakatning bosh epidemiologi Entoni Fauchi amerikaliklarni shu kuz va qishda «tashqariga chiqmaslikka» chaqirdi. 

«Pandemiya potensialini mensimaslik yaramaydi. Umidlarga berilish va olamga pushti ko‘zoynak bilan boqishning vaqti emas.  O‘zimizga ehtiyot bo‘lishimiz va shu kuz-qishdan omon chiqishimiz kerak, bu oson bo‘lmaydi», -  dedi Fauchi. 

Pandemiya davomida Fauchi va Donald Tramp o‘rtasida karantin va falokat ko‘lami bo‘yicha turli qarashlar tufayli bir nechta kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Avgust oyida shifokor o‘lim bilan tahdid qilganini va qizlari tengdoshlari tomonidan tahqirlanganini tan oldi.

Назокат Қаршиева
Tayyorlagan Назокат Қаршиева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid