«Prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi». Moliya vaziri budjet ijrosi bo‘yicha Senatda ma'lumot berdi
Moliya vaziri Timur Ishmetov davlat budjetining 2020 yil birinchi yarim yillik ijrosi yakunlari bo‘yicha Senatda axborotini o‘qib eshittirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Vazirning aytishicha, ushbu davrda asosiy e'tibor mahalliy budjet hisobidan amalga oshirilgan tadbirlarning bajarilishiga qaratilgan.
«Hisobot davrida davlat budjetining daromadlari 58 trln. 157 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 64 trln. 879 mlrd.so‘mni tashkil etib, davlat budjeti 6 trln. 722 mlrd so‘m yoki YaIM ga nisbatan 2,6 foiz miqdorida taqchillik bilan ijro etildi.
Shundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlari 12,9 trln. so‘mni tashkil etdi yoki 14 foiz ortig‘i bilan ijro etildi. Joriy yil birinchi yarim yilligida barcha hududlar uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi. Natijada mahalliy budjetlarda prognozni oshirib bajarish hisobiga 1 trln. 416 mlrd so‘m qo‘shimcha manba shakllantirildi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 131,8 mlrd.so‘m, Surxondaryo viloyatida 105,5 mlrd.so‘m, Buxoro viloyatida 120,9 mlrd.so‘m, Jizzax viloyatida 88,5 mlrd.so‘m prognozdan ortiqcha mablag‘ shakllantirildi.
Bundan tashqari, 2020 yildan boshlab, hududlarda respublika budjetiga ajratma qilinadigan soliqlar bo‘yicha ham prognozdan ortiqcha tushgan mablag‘lar mahalliy budjetga ajratma qilinishi belgilangan edi. Shunga ko‘ra, hisobot davrida 210 mlrd. so‘m mablag‘ mahalliy budjetlarga qaytarildi. Misol uchun, Toshkent shahriga 127 mlrd so‘m (Foyda solig‘idan 8,8 mlrd.so‘m, jismoniy shaxslar daromad solig‘idan 118,5 mlrd.so‘m) mablag‘ o‘tkazib berildi», — deydi u.
Ishmetovning ta'kidlashicha, prognozni bajarilishida ayrim kamchiliklar ham mavjud. Xususan, hisobot davrida aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha yillik belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi orqada qolmoqda.
«Masalan, ushbu soliq turi bo‘yicha yillik prognoz Qoraqalpog‘iston Respublikasida 12,2 foizga, Buxoro viloyatida 20,9 foizga, Toshkent shahrida 22,1 foizga, Toshkent viloyatida 23,2 foizga, Qashqadaryo viloyatida 25,4 foizga bajarildi xolos.
Shuningdek, hisobot davri uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari yakuniy iste'molchilarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i bo‘yicha Toshkent viloyatida 5,8 mlrd so‘mga (93,9%), Navoiy viloyatida 1,4 mlrd so‘mga (94,7%), Qashqadaryo viloyatida 3,1 mlrd so‘mga (95,5%) bajarilmay qoldi.
Bu holatlar asosan karantin cheklovlari sababli, iqtisodiy faollikning kamayishi va korxonalar to‘lov qobiliyatining pasayishi bilan izohlanadi», — deya izoh berdi u.
Ma'lumot uchun, Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev davlat budjetining ijrosi 2020 yilning 6 oylik yakunlari bo‘yicha 58,2 trln so‘mni tashkil qilgani haqida ma'lumot bergandi. Bu – 2020 yil uchun ajratilgan budjetning 45,3 foizini tashkil qiladi. O‘tgan yilning 6 oyi bilan solishtirganda, mablag‘ tushirish ko‘rsatkichlari 15 foizga oshgan.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024