Jahon | 13:19 / 13.09.2020
94220
8 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Yangi holatlar soni ortishi ortida nima bor va nima uchun vahimaga tushishga hojat yo‘q?

Yevropa davlatlari, xususan, Fransiya, Ispaniya va Italiya hukumatlari koronavirusni yuqtirganlar soni ortishi sababli vahimaga tushmoqda.

Foto: EPA


Fransiya o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha Yevropada Buyuk Britaniya va Ispaniyadan keyingi uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Yaqindagina ushbu davlatda kasallanishlar bo‘yicha kunlik rekord qayd etilgandi - 1700 atrofida.

Umuman olganda, shu vaqtgacha Fransiyada 370 mingdan ortiq kishi koronavirusdan zararlangan, shundan 31 mingga yaqin kishi vafot etgan. Fransiya Covid-19 sabab bo‘lgan o‘limlar bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinda turibdi va hukumat zarurat tug‘ilganda mahalliy karantin choralarini kuchaytirish uchun koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib boryapti.

Fransiya hukumati mamlakatni noyabr oyida ikkinchi to‘lqin qamrab olishi mumkinligidan xavotirda.

Karantin choralari iyun oyidayoq yengillashtirila boshlangan, ammo hali ham qat'iyligini yo‘qotmagan Ispaniyada iyul oyidan boshlab kasallanish holatlarining qayta keskin ko‘tarilishi kuzatildi, mamlakat bo‘ylab umumiy holatlar soni 576 mingdan oshgan. Bu davlat o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha Fransiyaga yaqin ko‘rsatkich qayd etmoqda - 29,7 ming holat.

Kasallanish holatlari bo‘yicha Yevropa rekordini o‘rnatgan Britaniyada faqatgina so‘nggi uch kun ichida ro‘yxatga olingan ichidagi yangi bemorlar soni 2 mingdan ortiqni tashkil etadi. Kasallanish holatlarining o‘rtacha o‘sish darajasi iyul oyidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 4 barobar ko‘p.

Ammo, ushbu qo‘rqinchli raqamlar haqiqiy manzarani aslicha namoyon etadimi? Vahimaga tushishdan oldin, mutaxassislar 5 muhim omilga diqqatni qaratishni tavsiya etishadi.

1. Kasallanish «piki» aslida pik bo‘lmagan
Biz koronavirus infeksiyasining tasdiqlangan holatlari jadvaliga allaqachon ko‘nikdik: u Covid-19 testlarining kunlik musbat natijalarini taqdim etadi. Aprel oyida Britaniyada 6 mingta yangi holat qayd etildi, shuning uchun so‘nggi kunlarda pikka bir muncha yaqinlashish kuzatilmoqda.

Biroq, Buyuk Britaniyada pandemiya boshida, deyarli barcha Yevropa mamlakatlarida bo‘lgani kabi, testlarning deyarli hammasi faqatgina kasalxonalardagi bemorlar uchun ishlatilgan, chunki hech bir davlat ommaviy testlarga tayyor bo‘lmagan.

Tanlab o‘tkazilgan testlar tufayli aholining asosiy qismi koronavirusga tahlil topshirmagan, hozirgi vaqtdagi testlarni esa haqiqatan ham ommaviy desa bo‘ladi. Shuning uchun bugungi raqamlarni mart-aprel oylarida kuzatilgan «pik» ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash shunchaki noto‘g‘ri. 

London gigiyena va tropik tibbiyot maktabining ma'lumotlariga ko‘ra, mart oyida kasallik yuqtirib olganlar soni kuniga 100 ming kishiga yetishi mumkin edi. Ammo bu haqda hech kim bilmagan - axir sinovlar ko‘lami faqat mart oyining o‘rtalarida o‘sishni boshladi va Britaniyada haqiqiy ommaviy tahlillar imkoniyati paydo bo‘lganiga uncha ko‘p bo‘lmadi (Germaniya va Ispaniyada bu ilgariroq sodir bo‘lgan). 

Shunisi aniqki, bugungi kunda ham barcha yuqtirganlarni ro‘yxatga olib bo‘lmaydi, ammo bu, pandemiya boshida bo‘lgani kabi, taxmin qilingan 5 foiz emas.

Shunday qilib, yuqtirganlar soni statistik jihatdan ko‘payayotgan bo‘lsa ham, bugungi kundagi infeksiyalanish darajasi pikka qaraganda ancha past.

2. Qo‘shimcha testlar omili
Ommaviy tahlillar joriy etilgandan so‘ng, kunlik va haftalik testlar soni tobora ko‘payib bormoqda.

Buning sababi shundaki, yangi markazlar ochilmoqda va laboratoriyalarning o‘tkazuvchanligi oshmoqda. Bu shuni anglatadiki, endi mutaxassislar virus tarqalishini ommaviy tahlillar boshlanishiga qaraganda ancha yaxshi kuzatishi mumkin (pandemiya boshida virus yuqish zanjirlari umuman kuzatilmagani haqida gapirmasa ham bo‘ladi). 

Ha, bir qarashda yangi kasallanish holatlari miqyosi ortib ketgandek tuyulishi mumkin, ammo agar testlar soni iyun oyining o‘rtalaridan boshlab 80 foizga ko‘paygan deb hisoblasak, infeksiyaning o‘sishi unchalik ham tez va qo‘rqinchli ko‘rinmaydi.

3. Tahlil infeksiya o‘choqlarida amalga oshiriladi
Tahlil olish imkoniyatlari kengayishi sog‘liqni saqlash tizimlarining «qo‘llari bo‘shagani»ni anglatadi. Hozir Britaniya hukumatida infeksiya o‘choqlariga yuborilishi mumkin bo‘lgan yuzdan ortiq mobil laboratoriyalar mavjud. 

Laboratoriya samaradorligi bilan bog‘liq muammolar hali ham davom etayotgani va ba'zida inglizlar uchun tahlildan o‘tish juda qiyin bo‘lsa ham, endi shifokorlar eng yuqori infeksiyalanish darajasiga ega bo‘lgan hududlarga e'tibor qaratishlari mumkin. Bunday joylarda, hatto aniq simptomlari bo‘lmagan odamlarga ham tahlil topshirish taklif etiladi.

Boshqa mamlakatlarda ham xuddi shu holat. Masalan, Ispaniyada kasallanish holatlari soni ortishi kuzatilgan butun bir mintaqalar sinovdan o‘tkazilmoqda. 

Bunday o‘choqlarga alohida e'tibor qaratilishi, o‘z navbatida, koronavirus testida musbat natija chiqishi ehtimolini sezilarli darajada oshiradi.

Masalan, Buyuk Britaniyada so‘nggi bir hafta ichidagi barcha yangi bemorlarning to‘rtdan biri 20ta munitsipalitetda aniqlandi, ular mamlakatdagi barcha munitsipalitetlarning atigi 5 foizini tashkil qiladi.

4. Kasalxonaga yotqizilganlar soni o‘sishi musbat holatlar soni o‘sishidan past
So‘nggi bir necha kun ichida Britaniyada koronavirus tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilganlar soni bir oz ko‘paygan, ammo bu jami yuqtirganlar soni kabi tez o‘sayotgani yo‘q. Manzara mart oyida, kasalxonalar tom ma'noda to‘lib ketganidan ancha farqli.

Xuddi shu holat Ispaniya va Fransiyada ham kuzatilmoqda.

Izohlardan birida aytilishicha, test sinovlarida kasalxonaga yotqizishni talab qilmaydigan yengil kasallanish holatlari ko‘proq aniqlanyapti. Bundan tashqari, eng ko‘p holatlar kasallikka osonlikcha bardosh beradigan yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelayotgani ham ahamiyatli. 

Biroq, kasallanish holatlari soni ko‘payishi bizga virus hali ham hech qayoqqa ketmasligi va pandemiya keskin yoyilib ketishi ham mumkinligini yodga solib turadi.

5. Yangi holatlar orasida yoshlar ulushi ortib bormoqda
Angliya sog‘liqni saqlash tizimi ma'lumotlariga ko‘ra, 20 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan odamlar koronavirusni boshqa yosh guruhlaridagi odamlarga qaraganda ko‘proq yuqtirishyapti va ularning zararlanish darajasi pandemiya paytidagi har qanday vaqtga qaraganda yuqori. Bu nima uchun sodir bo‘lmoqda?

Buning sabablari xulq-atvorga oid yoki demografik bo‘lishi mumkin: yoshlar aksariyat hollarda ish joyiga borishlari kerak, bu esa odamlar bilan yaqinroq aloqada bo‘lishni anglatadi, yoshlar ko‘pincha kvartirani yoki uyni do‘stlari bilan bo‘lishadi va nihoyat, ular uydan tashqaridagi muloqot, bar va tungi klublarga borishga moyil. 

Ammo buning sababi koronavirusga qarshi test keng doirada mavjudligi bo‘lishi mumkin. Yoshlarda koronavirusning og‘ir shakliga chalinish ehtimoli boshqa aholi guruhlariga qaraganda ancha past, shuning uchun pandemiya boshlanganda ular tahlil topshirish mumkin bo‘lgan kasalxonalarga kamroq borishgan. Ommaviy tahlildan o‘tkazish imkoni yuzaga kelgandan so‘ng, ushbu aholi guruhida yana ko‘plab yuqtirish holatlari aniqlana boshladi, ammo bu kasalxonalardagi manzaraga hech qanday ta'sir ko‘rsatmayapti, chunki yoshlarda aksariyat hollarda kasallik yengil kechadi va kasalxonaga yotish talab etilmaydi.

Mavzuga oid