O‘zbekiston | 22:13 / 14.09.2020
19295
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtomobillar qatnovi uchun qulaylik: shaharda 6 qatorli 3 ta yo‘l o‘tkazgich qurilmoqda 

Toshkent shahrining Kichik halqa avtomobil yo‘li, Qipchoq ko‘chasi va Toshkent halqa avtomobil yo‘lida olti qatorli 3 ta yo‘l o‘tkazgich qurilmoqda.

14 sentabr kuni shahar hokimligi tashkil etgan press-turda OAV vakillari qurilish jarayoni bilan tanishtirildi.  

Ma'lum qilinishicha, Kichik halqa avtomobil yo‘lida qurilayotgan “Cho‘ponota” ko‘prigi loyihaning eng yirik obekti hisoblanadi. Ko‘prik uzunligi 597 metr bo‘lib, o‘tish yo‘llari qo‘shilganda umumiy uzunligi 950 metrni tashkil qiladi.

Temur Isomiddinov

Loyiha rahbari Temur Isomiddinovning aytishicha, mazkur ko‘prik ishga tushishi natijasida avtomobil qatnovida qulaylik va xavfsizlik darajasi ortadi, tirbandlik kamayadi.

“Yakkasaroy tumani Cho‘ponota ko‘chasidan Sergeli tumani Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘lning umumiy uzunligi 6 kilometrdan iborat. Loyiha bo‘yicha ushbu masofada 3 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi nazarda tutilgan. Mazkur yo‘l qurilishi nihoyalansa, 1 soatda 3000-4000 ta avtomashina bir tomonlama, 6000-8000 ta avtomobil ikki tomonlama harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qurilish yakuniga yetgach, Sergeli yo‘lidagi tirbandlik ancha kamayishiga erishiladi. Loyihaning umumiy qiymati 280 mlrd so‘mni tashkil etadi”,- dedi Temur Isomiddinov.

Ko‘prik qurilishida zamonaviy standartlarga mos monolit oraliq qurilmalari texnologiyasi qo‘llanilmoqda. Yo‘l o‘tkazgichlar “Grand road Tashkent” korxonasi tomonidan turkiyalik muhandislar yordamida qurilyapti.

“Cho‘ponota” ko‘prigi monolit texnologiyasi asosida qurilayotgani bilan o‘ziga xos. Bunday ko‘priklar qurilish uslubi, chidamliligi, dizayni va qulayligi bilan ajralib turadi. Qurilish ishlariga 250 nafardan 320 nafargacha ishchi jalb qilinmoqda”,-dedi “Grand road Tashkent” korxonasi uchastka boshlig‘i Davron Musayev.

Davron Musayev (o‘ngda)

Rejaga ko‘ra, qurilish ishlari 2021 yilning kuzida yakuniga yetkaziladi.

Mavzuga oid