O‘zbekiston | 11:27 / 17.09.2020
5414
8 daqiqa o‘qiladi

Obektlarni fast-track uslubi bilan «tayyor holda topshirish» shartlari asosida qurishga ruxsat berish tartibi tasdiqlanadi

Fast-track uslubida qurish qurilish sohasidagi loyihalarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha to‘liq javobgarlikni EPC-pudratchilarga yuklash sharti bilan bir vaqtning o‘zida loyihalash, xarid qilish va qurilish ishlari jarayoni va bosqichlaridir.

Vazirlar Mahkamasining “Obektlarni «fast-track» uslubi (bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) bilan «tayyor holda topshirish» shartlari (Engineering Procurement Construction) asosida qurishga ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Buyurtmachi tomonidan konsorsium asosida EPC-pudratchi (qurilish ishlari sifatli amalga oshirish bo‘yicha to‘liq javobgarlik yuklatilgan va fast-track uslubida qurishga ruxsat olgan yuridik shaxs (yoki konsorsium) jalb qilinganda, uning barcha ishtirokchilari Buyurtmachi oldida YeRS-shartnomasida (fast track uslubida qurish munosabatlarini tartibga soluvchi, bir tomon ikkinchi tomonning topshirig‘iga asosan loyihalashtirish, xarid va qurilish ishlarini bajarishni ta'minlash, ikkinchi tomon esa – moliyalashtirish va tugallangan qurilish obektni foydalanishga qabul qilish majburiyatlari belgilangan buyurtmachi va EPC-pudratchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma) belgilangan majburiyatlarning ijrosi yuzasidan solidar javobgar hisoblanadi va fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan bitimlarni tuzishga va boshqa harakatlarni amalga oshirishga vakolatli ishonchli shaxs tayinlanganligi haqida xabarnoma yuboradi.

Fast-track uslubida qurishga EPC-pudratchini jalb qilishda quyidagi talablar inobatga olinishi lozim:

a) oxirgi uch yilda obektlarni qurish va foydalanishga topshirishda shartnoma majburiyatlariga rioya qilinganligi;

b) o‘nta o‘xshash obektlarni loyihalashtirishda tajribaga egaligi;

v) qurilishda beshta o‘xshash obektlarda tajribaga egaligi;

g) asosiy mutaxassis xodimlar (bosh arxitektor, bosh muhandis, mualliflik nazorati mutaxassisi, ishlab chiqarish texnik bo‘lim va qurilish ishlari ichki nazorati bo‘limi boshlig‘i) ish tajribasi besh yildan kam bo‘lmasligi lozim;

d) o‘z tasarrufida yoki ijara (lizing) asosida jalb qilingan maxsus transport vositalari va yuk mashinalari bilan ta'minlanganlik darajasi. Xorijiy EPC-pudratchi ishtirok etadigan holatlarda mashina va mexanizmlarning ijara va/yoki lizing asosida olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdik etilishi mumkin;

ye) Davlat nazorat organi tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklarni qurilish-montaj ishlarini bajarishda o‘z vaqtida va to‘liq bartaraf etilganligi yuzasidan rasmiy berilgan ma'lumot. Agar O‘zbekiston Respublikasi hududida qurilish ishlarini amalga oshirmagan bo‘lsa, ushbu talab xorijiy EPC-pudratchilarga tatbiq qilinmaydi.

Fast-track uslubida obektlarni qurishga ruxsat berish uchun buyurtmachi quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda vakolatli davlat organiga arizasi bilan devonxona yoki elektron axborot tizimi orqali murojaat qiladi:

o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan EPC-shartnomasi;

obekt qurilishini moliyaviy manbalar bilan ta'minlanganligini asoslovchi hujjat;

qurilish obekti bo‘yicha tasdiqlangan texnik iqtisodiy asoslash (TIA), texnik iqtisodiy hisob-kitob (TIHK) (faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda TIA va TIHK tasdiqlanishi lozim bo‘lgan loyihalar bo‘yicha);

loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish bosqichlari bo‘yicha kelishilgan grafik;

Xorijiy buyurtmachi va EPC-pudratchilarning o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan (rasmiy tarjima qilingan) oxirgi ikki yillik moliyaviy hisobotlari nusxalari;

EPC-pudratchilarning nazarda tutilgan talablarga muvofiqligi bo‘yicha hujjatlar;

Buyurtmachi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar mazkur Nizom hamda amaldagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga mos bo‘lishi kerak.

Vakolatli davlat organi EPC-pudratchi tomonidan taqdim qilingan ma'lumotlar asosida:

EPC-pudratchi (konsorsium tashkil qilinganda – uning ishtirokchilari) va buyurtmachining davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi guvohnoma;

xorijiy davlat EPC-pudratchining doimiy muassasasi soliq organiga hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida ma'lumot;

qurilish uchun ajratilgan yer maydoni to‘g‘risidagi hujjat nusxalari va qurilish obektiga birlamchi ruxsat beruvchi arxitektura-rejalashtirish topshiriqlari (ART-1, ART-2, muhandislik qidiruv ishlari tugallanganligi yoki natijasi to‘g‘risida ma'lumot, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlarining eskiz loyihasini kelishish to‘g‘risidagi bayoni nusxasi va loyihalashtirish topshirig‘i) hujjatlar nusxalari;

buyurtmachi va EPC-pudratchining o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan oxirgi ikki yillik moliyaviy natijalari, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida ma'lumotlarni ko‘rib chiqadi.

Vakolatli davlat organi boshqa vazirlik va idoralardan ko‘rib chiqilayotgan obekt bilan bog‘liq zarur hujjatlar va ma'lumotlarni axborot almashinuvi orqali (jumladan, elektron shaklda) mustaqil talab qilib olishga huquqiga ega.

Taqdim qilingan hujjatlarning haqqoniyligiga buyurtmachi javobgar hisoblanadi.

Vakolatli davlat organi buyurtmachi tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni:

to‘liqligi va ishonchliligini, qonun, shu bilan birga Nizom talablariga muvofiqligini ko‘rib chiqadi;

fast-track uslubida qurish ishtirokchilarning faoliyati shaharsozlik sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini ko‘rib chiqadi.

Fast-track uslubida obektlarni qurishga ruxsat berish uchun buyurtmachi tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga obektning umumiy qiymatini 0,03 foizi, lekin besh ming AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan va yuz ming AQSh dollari ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan (to‘lov kunida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan o‘rnatilgan kurs bo‘yicha) miqdorida yig‘im undiriladi.

Hujjatlar yetti ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Ko‘rib chiqish sanasi yig‘im to‘langan kundan boshlab hisoblanadi.

Buyurtmachi tomonidan Nizom talablariga rioya qilinmaslik holatlari aniqlanganda, vakolatli davlat organi hujjat topshirilgan sanadan boshlab uch ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda yozma shaklda ariza muallifini nomuvofiqlik to‘g‘risida ogohlantiradi.

Bunda, hujjatlarni ko‘rib chiqish sanasi buyurtmachi xizmati tomonidan kamchiliklar bartaraf etilib topshirilgan sanadan boshlab hisoblanadi.

Vakolatli davlat organi hujjatlarni ko‘rib chiqishda quyidagi huquqlarga ega:

zarurat tug‘ilganda mulkchilik shaklidan qat'iy nazar milliy va xorijiy yuridik shaxslar, jamoat va xalqaro tashkilotlar, shuningdek shu sohaga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muassasalarini jalb etish;

hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar va materiallarni tegishliligiga ko‘ra vazirliklar va idoralardan talab qilib olish.

Hujjatlarni ko‘rib chiqish va ekspertizadan o‘tkazish natijasiga ko‘ra e'tirozlar mavjud bo‘lgan taqdirda ularni bartaraf qilgan holda buyurtmachi tomonidan tegishli zaruriy hujjatlarni ilova qilgan holda qayta vakolatli davlat organiga taqdim qilinadi.

Kamchiliklar bartaraf etilib taqdim etilgan hujjatlar vakolatli organ tomonidan 3 kun muddatda ko‘rib chiqiladi va ularni qayta ko‘rib chiqishda hujjatlarning faqat e'tiroz berilgan qismi bo‘yicha tegishli xulosa berilishi mumkin, avvalgi hujjatlar bo‘yicha yangi e'tirozlar berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hujjatlarni ko‘rib chiqish va ekspertizadan o‘tkazish natijasiga ko‘ra ijobiy qaror qabul qilinganda fast-track uslubida qurishga muvofiq shaklda ruxsat beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid