O‘zbekiston | 14:02 / 18.09.2020
3282
2 daqiqa o‘qiladi

Iordaniya elchisi O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlamoqda

Solih Ahmad al-Javarneh O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritishida qulay sharoitlar yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

2020 yilning 18 sentabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Iordaniya Hoshimiylar podshohligining favqulodda va muxtor elchisi Solih Ahmad al-Javarnehni qabul qildi.

TIV xabariga ko‘ra, suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, BMT hamda Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikning holati hamda istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, tomonlar ikki davlat o‘rtasida Ishbilarmonlar qo‘shma kengashini tuzish bo‘yicha fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida vazir elchining O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni izchil rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi.

Solih Ahmad al-Javarneh, o‘z navbatida, O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritishida qulay sharoitlar yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Mavzuga oid