O‘zbekiston | 14:39 / 19.09.2020
4450
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Rossiya davlat taraqqiyot korporatsiyasi boshchiligidagi moliyaviy institutlar O‘zbekistonga tashrif buyurdi

2020 yil 17 sentabr kuni Rossiya davlat taraqqiyot korporatsiyasi (Vneshekonombank) raisi Igor Shuvalov boshchiligida bir guruh Rossiya moliyaviy institutlari vakillari Toshkentga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Energetika vaziri Alisher Sultonov boshchiligidagi o‘zbek delegatsiyasi “Vneshekonombank”, “Gazprombank” hamda “EKSAR” sug‘urta agentligi rahbarlari bilan muzokalar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida energetika va neftgaz tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, yirik stratetik loyihalar hamda istibolli investitsiya loyihalari bo‘yicha taqdimot tashkil etildi.

Rossiya moliyaviy institutlari taqdim etilgan loyihalarga katta qiziqish bildirib, ularni batafsil o‘rganib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.

Taqdimotdan so‘ng, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning “Vneshekonombank”, “Gazprombank” hamda “EKSAR” sug‘urta agentligi rahbarlari bilan alohida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida “2017-2021 yillarda uglevodorod qazib chiqarishni oshirish Dasturi” doirasida 650 mln dollar jalb qilish shartlari muhokama qilindi.

Aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 apreldagi “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “2017-2021 yillarda uglevodorod qazib chiqarishni oshirish Dasturi”ni amalga oshirish uchun 250 mln dollar xorijiy kreditlarni davlat kafolati ostida jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Rossiya moliya institutlarining kreditlari 10 yil muddatga berilmoqda, ular ikki yil davomida 4 ta transh bilan ajratiladi. Shu o‘rinda, Rossiya ishlab chiqaruvchilaridan uskuna va moddiy texnik resurslarning xarid qilinishi kreditning yanada imtiyozli shartlarda berilishini ta’minlaydi.

Shu bilan birga, “Gazprombank” AJ Boshqaruv raisining o‘rinbosari A.Belous hamda EKSAR sug‘urta agentligi rahbari N.Gusakov bilan 2021 yilda “O‘zbekneftegaz” jamiyati tomonidan amalga oshiriladigan geologiya qidiruv ishlari hamda quduqlarni burg‘ilash uchun 100 mln dollar uzoq muddatli kredit ajratish masalasi ham muhokama qildi.

Yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha kreditlarni jalb qilish maqsadida Ishchi guruh tashkil etilib, unga jamiyat boshqaruvi raisining o‘rinbosari U.Ashurov mas’ul etib belgilandi.

Muzokaralar do‘stona, samimiy va o‘zaro ishonch ruhida bo‘lib o‘tdi. Rossiya tomoni shu yildan boshlab “O‘zbekneftgaz” kompaniyasining moliyaviy holati yaxshilanib borayotganligi, tarmoqning bozor tamoyillari asosida ishlashga o‘tishi, xalqaro standartlar bo‘yicha audit tizimi joriy qilinayotganligidan mamnuniyat bildirib, moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, “Gazprombank” AJ “O‘zbekneftgaz" AJning ishonchli hamkorlaridan biri bo‘lib, neftgaz sohasida loyihalarni moliyalashtirish uchun 1 mlrd. dollarga yaqin kredit ajratgan. Jumladan 2017-2021 yillarda uglevodorodlar ishlab chiqarishni oshirish dasturining birinchi bosqichi, GTL zavodining qurilishi shular qatoridan.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid