Jahon | 22:27 / 22.09.2020
14546
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada eng uzoq ishlagan gubernator iste'foga chiqdi. U Yelsin davridan buyon rahbarlik qilayotgandi

Foto: RIA "Novosti"

Rossiyaning Belgorod viloyati gubernatori Yevgeniy Savchenko iste'foga chiqarildi. Uning vakolati muddatidan oldin bekor qilingani haqida Kreml rasmiy saytida xabar berildi.

Ma'lum bo‘lishicha, Savchenko Belgorod viloyatidan senator bo‘lgani munosabati bilan ishdan ketgan. Bugun 70 yoshli Savchenko hududiy Federatsiya Kengashi a'zosi sifatida ro‘yxatga olingan.

«Savchenkoga ikki yil avval saylovda qatnashish imkonini berib, aynan ikki yil ishlagach o‘rnini bo‘shatish shartini qo‘yishgandi. 70 yoshgacha ishladi, endi Federatsiya Kengashiga o‘tsa kerak. Hurmat bilan ketkazish bundan ortiq bo‘lmaydi», degan VVS'ga ismini oshkor qilishni xohlamagan sobiq Kreml administratsiyasi mulozimi.

27 yillik gubernator

Yevgeniy Savchenko 1993 yilda Belgorod viloyati rahbari bo‘lgan. O‘shanda u Rossiya birinchi prezidenti Boris Yelsin tomonidan viloyat rahbari sifatida tayinlangandi. Undan oldingi rahbar Viktor Berestov «prezidentning topshiriqlarini surunkasiga bajarmay kelgani uchun» ishdan olingan.

Savchenko Belgorod gubernatorligi uchun saylovlarda uch marta nomzodini qo‘yib, g‘olib bo‘lgan. 2004 yilda esa saylovlar bekor bo‘lgach, 2007 yil uni hududiy Duma rahbarligiga shaxsan Vladimir Putin tavsiya qilgan. 2012 yilda gubernatorlik uchun saylovlar tiklanib, Savchenko yana ikki marta o‘z nomzodini qo‘yib, g‘olib bo‘ldi.

Savchenko Rossiyadagi hududiy rahbarlar orasida eng uzoq vaqt ishlash bo‘yicha rekordchi hisoblanadi. U 26 yil-u 11 oy Belgorodni boshqarib, bu borada yaqqol rekordchiga aylandi. U Boris Yelsin davridan buyon ishlab kelayotgan Rossiyadagi yagona hududiy rahbar edi. Uning iste'fosi haqida 2017 yilda ham gapirilgan, lekin yuqorida aytilganidek «mukofot sifatida» unga ikki yil muddat berilgan.

Foto: RIA "Novosti"

So‘kinish uchun jarima joriy qilgan

Yevgeniy Savchenko g‘alati va konservativ g‘oyalari bilan yodda qolgan. Masalan, Belgorodda 2005 yildan jamoat joylarida so‘kinganlar jarimaga tortiladi. 2010 yil hududda ma'naviy xavfsizlik konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Rossiyada bunday konsepsiya faqat Belgorodda mavjud. Unga ko‘ra, hududda «avliyo Valentin kuni» (sevishganlar kuni) va Hellouinni nishonlash mumkin emas. Chunki ular «rus madaniyatiga zid» deb topilgan. 14 fevral kuni butun Rossiyada sevishganlar bir-biriga sovg‘alar ulashayotganda Belgorodda bu ish taqiqlangan.

Bundan tashqari, Belgorodda har xil rok va rep konsertlar o‘tkazish ham mumkin emas. Hududdagi teatrlarda ba'zi dramaturglarning asarlarini qo‘yish ham taqiqlangan. Sabab bitta – «ma'naviy xavfsizlik». 2012 yildan Belgorodda foxishalarning «mijozlari» ham jarimaga tortila boshlangan. Savchenkoning shaxsiy tashabbusi bilan Belgorodda «Tungi shahar» harakati tashkil etilgan. Uning doirasida huquq tartibot organlari tungi hayotni nazorat qilishadi.

Savchenkoning shov-shuvli tashabbuslaridan biri Belgorodda abortni qisqartirish bo‘yicha harakatlar bo‘lgan. Viloyatda har xil asosga ko‘ra homiladorlikni to‘xtatmoqchi bo‘lgan ayollar turli sabablar bilan rad javobini olishlari yangilik emas.

Keyingi gubernator kim bo‘ladi?

Gubernatorning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Denis Butsayev viloyat rahbari bo‘lishi kutilmoqda. Rus OAVsiga ko‘ra, Butsayev 2021 yilgi saylovlargacha Belgorod viloyatini vaqtincha boshqarib turadi. Butsayev 43 yoshda va u o‘z vaqtida Moskva viloyatida gubernator maslahatchisi bo‘lgan. Podmoskoveda investitsiya vaziri bo‘lib ishlagan.

VVS'ga bu borada fikrlarini bildirgan siyosatshunos Dmitriy Fetisov shunday duydi: «Belgorod boshqaruvida mahalliy elitaning roli katta. Agar Savchenokning o‘rniga keladigan odam noodatiy boshqaruv yo‘lini tanlasa, mahalliy elita bilan konfliktdan qocholmaydi».

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid