O‘zbekiston | 11:07 / 23.09.2020
3182
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tashqi savdoni tartibga solish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi 

Tashqi savdoni Tarif va notarif tartibga solish kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 21 sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov raisligida tashqi savdoni Tarif va notarif tartibga solish kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, yig‘ilish davomida to‘qimachilik sanoatida qo‘llaniladigan texnologik uskunalar va butlovchi qismlarga solinadigan import bojxona to‘lovlari stavkalarini kamaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, alohida mahsulot pozitsiyalari uchun utilizatsiya yig‘imini nolga tenglashtirish istiqbollari o‘rganilib, bir qator mahsulot turlari uchun import bojxona to‘lovlarining o‘zgarishiga oid xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Butlovchi buyumlar, shu jumladan yig‘uv ishlab chiqarishga mo‘ljallangan buyumlarga TIF TN kodlarini tasniflashni yanada takomillashtirish choralariga alohida e'tibor qaratildi.

Sertifikatlashtirish organlari tomonidan importni optimallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligining tahlili ham amalga oshirilib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Kengash a'zolari bunday mexanizmlarni ishlab chiqishda hamkor davlatlar bilan o‘zaro savdoni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ichki va tashqi bozorlarda oshkora raqobat muhitini ta'minlash bo‘yicha yagona konseptual yondashuvni qo‘llash zarurligini ta'kidladi.

Shu bilan birga, xususan, mahsulot va ishlab chiqarish jarayonlarining texnik jihatdan tartibga solinishi va texnik reglamentlarini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar qabul qilishga alohida e'tibor qaratiladi.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Kengash Kotibiyatiga vazifasi tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida tezkor qarorlar qabul qilishning yanada moslashuvchan mexanizmlaridan foydalanishni nazarda tutuvchi tashqi savdoni tartibga solish bo‘yicha mutlaqo yangi tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish bo‘lgan ishchi guruh tuzish topshirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid