Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi O‘zbekiston prezidentining taklifini qo‘llab-quvvatladi
Parlamentlararo ittifoq (PAI) bosh kotibi Martin Chungong O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida so‘zlagan nutqi yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.
«Parlamentlar Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonining muhim ishtirokchilari hisoblanadi.
Ularning muhim roli 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish kun tartibida e'tirof etilgan. Parlamentlar global kun tartibidagi masalalarni o‘z ichiga olgan, milliy ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydigan va moliyaviy vositalarni taqsimlaydigan ichki qonunchilik uchun javobgardir. Parlamentlar o‘zlarining nazorat funksiyalari orqali rivojlanish maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari odamlarga foyda keltirishini nazorat qiladi. Milliy parlamentlar global kun tartibidagi masalalarni milliy darajaga olib chiqadi va ular Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga to‘liq jalb etilmasa, muvaffaqiyatsizlikka duch kelishi mumkin.
Qisman PAI faoliyati tufayli parlamentlar Barqaror rivojlanish maqsadlari to‘g‘risida xabardor bo‘ladi va ularning ko‘pchiligi bu maqsadlarni institutsionalizatsiya qilish choralarini ko‘rdi. Bizning bu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlarimiz davom etmoqda va biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida hissa qo‘shishga qaratilgan har qanday tashabbusni mamnuniyat bilan qabul qilamiz.
Shu bois men O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi bilan tabriklayman. O‘z navbatida, Parlamentlararo ittifoq ushbu rezolyutsiyaning amalga oshishiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor».
Eslatib o‘tamiz, 23 sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida chiqish qildi. Unda davlat rahbari mintaqa va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash kabi masalalarda o‘z tashabbuslarini ilgari surdi.
Mavzuga oid
09:02 / 11.06.2026
Qochqinlar soni rekord darajada: BMT yangi hisobotni e’lon qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
08:15 / 08.06.2026
BMT kuchli El-Nino haqida ogohlantirdi
08:10 / 06.06.2026