Light | 20:30 / 24.09.2020
40703
5 daqiqa o‘qiladi

Kechiktirmang: Piyoda yurish uchun 10 sabab

Salomatlikni mustahkamlashning juda oson va yoqimli usullaridan biri piyoda yurishdir. Quyida bu mashg‘ulotning qator afzalliklari haqida hikoya qilamiz.

Foto: Getty Images

1. Tafakkurga undaydi

Sokinlik bilan, mushohada qilib piyoda yurish kishini ko‘p narsalar haqida yaxshilab o‘ylab olishga, hayotiy muammolarda eng to‘g‘ri yo‘lni topishga undaydi. Tafakkur qilish, fikrlarga berilishning salomatlikka ijobiy ta'siri ham o‘z isbotini topgan;

2. Kayfiyatni ko‘taradi, yangi g‘oyalarga turtki beradi

Ochiq havoda piyoda yurish kayfiyatni ko‘tarishi, tushkunlikni yengishda yordam berishi isbotlangan. Shuningdek, yurish jarayoni kreativ g‘oyalar tug‘ilishiga ham turtki beradi. Aqliy faollik esa organizmda ijobiy reaksiyalarga sabab bo‘ladi;

3. Allergiyani yengishda ko‘makchi

Allergiyalar mavsumida bu kasallikka chalinganlar o‘zlarini himoya qilish uchun uyga qamalib olishni to‘g‘ri yo‘l deb hisoblaydilar. Aslida unday emas – yurish va yugurish nafas olish a'zolari faoliyatiga ijobiy ta'sir qiladi. Bu esa o‘z navbatida allergenlarga chidamlilikni oshiradi;

4. Umr davomiyligini uzaytiradi

Ko‘p yillik tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, har kuni bir yoki undan ortiq kilometr masofani piyoda bosib o‘tishga odatlanganlar bunday mashg‘ulotni xush ko‘rmaydiganlarga nisbatan 7 yilgacha ko‘proq umr ko‘rganlari ma'lum bo‘lgan. Shuningdek, muntazam piyoda yurish yoshlikni ham uzaytirishi haqida dalillar mavjud;

5. Moddalar almashinuvini yaxshilaydi

Yuqori qon bosimi, qand miqdorining balandligi, ortiqcha vazn, asabiylik, turli kasalliklarga tez chalinuvchanlik, bosh og‘rig‘i, tez charchash... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin va bularning barchasiga muntazam piyoda berish orqali yaxshigina zarba bersa bo‘ladi.

6. Pulni tejaydi

Bugungi kunda sport zallari va fitnes klublari juda ko‘p. Ammo ularga qatnash yaxshigina pul turadi. Bundan tashqari, velotrenajyor sotib olib uyda shug‘ullanish uchun ham cho‘ntakni quritishga to‘g‘ri keladi. Shunchaki piyoda yurish esa yo‘l-yo‘lakay ishlarni bitirish bilan birga pultalab mashqlardan, yo‘lkiradan va eng muhimi – juda qimmat tibbiy muolajalardan qutqaradi.

7. Uyquni yaxshilaydi, stressdan himoyalaydi

Asrimizning quloch yozayotgan muammolari qatorida stress va uyqu buzilishi alohida o‘rin tutadi. Bu ikki muammo bir-biriga chambarchas bog‘liq va qaysi biri qaysinisini chaqirishi bo‘yicha bahslar davom etmoqda. Muntazam piyoda yurish aqliy tetiklik bilan birga jismoniy charchoqqa olib keladi. Bu esa o‘z navbatida asabni tinchlantirib, tiniqib uxlashga zamin yaratadi;

8. Suyaklarni mustahkamlaydi

Albatta, qator suyak kasalliklari borki, ularda piyoda yurish nafaqat befoyda, balki zararli va xavfli hamdir. Yangi jarohatlar, artritning faol bosqichlari shular jumlasidan. Ammo mutlaq ko‘pchilik uchun piyoda yurish suyaklarni mustahkamlashdek muhim yutuqni keltiradi. Tayanch harakat tizimining mustahkamligi esa juda ko‘p tizimlardagi muammolarning oldini oladi;

9. Ko‘rishni yaxshilaydi

Ochiq havoda, istirohat bog‘larida, keng dalalarda sayr qilayotgan inson istasa-istamasa uzoqlarga tikiladi, turli manzaralarni tomosha qiladi. Piyoda yurish ortidan qon aylanishi yaxshilanishi ko‘zga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. Eng muhimi, sayr jarayonida ko‘z turli gadjetlardan, to‘rt devor cheklovidan dam oladi;

10. Kasalliklarning oldini olish bilan birga yaqinlaringiz bilan suhbatda bo‘lasiz

Me'yorida, masofa muntazam oshirib boriluvchi piyoda yurishning nojo‘ya ta'siri yo‘q, salomatlik uchun foydali jihatlari talaygina. Bundan tashqari, samimiy suhbatdosh bilan hamroh bo‘lish bu mashg‘ulotni yanada yoqimli qiladi.

Xo‘sh, inson kun davomida qancha vaqt yoki masofa piyoda yurishi kerak?

Hammasi individual. O‘z holatingizga qarang, qancha yurgingiz kelsa, shuncha yuring va masofani har kuni o‘rtacha 100 qadamdan oshirib borishga harakat qiling. Shunchaki yurmay, yo‘l-yo‘lakay ishlaringizni bitiring, yaqinlaringizni, do‘stlaringizni yo‘qlang. Farzandlaringiz, nabiralaringiz bo‘lsa ergashtiring, do‘stlaringizni chorlang. Eng muhimi, bu jarayondan lazzatlanishni o‘rganing, o‘zingizni qiynovchi mashg‘ulot sifatida qabul qilmang.

Ma'lumot uchun: yurish tezligi ham bor va u quyidagicha farqlanadi:

  • Juda sekin yurish – daqiqasiga 60-70 qadam;
  • Sekin yurish – daqiqasiga 70-90 qadam;
  • O‘rtacha tezlikda yurish – daqiqasiga 90-120 qadam;
  • Tez yurish – daqiqasiga 120-140 qadam;
  • Juda tez yurish – daqiqasiga 140 qadamdan ko‘proq;

Abror Zohidov.

Mavzuga oid