O‘zbekiston | 08:26 / 25.09.2020
3297
3 daqiqa o‘qiladi

Ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi kuchaytiriladi

Prezidentning 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlash mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha yo‘l xaritasi ilovaga tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi  bilan birgalikda:

respublikada mahsulotlar xavfsizligiga talab va mahsulotning namunalarini olish, sinov va o‘lchov usullarini belgilovchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro amaliyotni inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish;

xalqaro integratsiyaviy tashkilotlarga a'zo davlatlarda amalda bo‘lgan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablarini bosqichma-bosqich implementatsiya qilish;

oziq-ovqat tovarlari narxini pasaytirish va barqarorlashtirish maqsadida ahamiyatga molik oziq-ovqat tovarlarini eksport va import qiluvchilar bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etishni nazorat qilish;

mahsulotlarga qo‘shilayotgan har xil turdagi sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalarni va o‘simlik yog‘larini ishlatish holatlarini o‘rganish;

mahsulotlar xavfsizligini ta'minlash borasida mavjud muammolarni bartaraf etish va ushbu sohada o‘zini oqlagan xorijiy davlatlar normativ hujjatlarini tahlili asosida texnik jihatdan tartibga solish sohasida vakolatli organ sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi funksiya va vazifalarining, ishlash prinsipining qayta ko‘rib chiqilishini  2 oy muddatda ta'minlaydi.
 
Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va Moliya vazirligi  bilan birgalikda davlat chegaralaridan fuqarolar, texnik vositalar va tovarlar o‘tkazish oqimi katta bo‘lgan punktlarda faoliyat yuritayotgan chegara va nazorat organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni 3 oy muddatda amalga oshiradi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya xizmati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda xalqaro standartlarga muvofiq davlat oziq-ovqat standartlarini yangilash, mazkur sohadagi texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlar va xalqaro standartlarni joriy qilish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash dasturini 3 oy muddatda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan birgalikda ishlaydigan aholi uchun sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini 1 oy muddatda ishlab chiqadi va joriy etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid