O‘zbekiston | 12:12 / 28.09.2020
5689
4 daqiqa o‘qiladi

DXX tomonidan giyohvand moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi

Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX xodimlarining Bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida poytaxtda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, tezkor tadbir davomida Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar ushlanib, ulardan mamlakatga xalqaro pochta jo‘natmalari orqali kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan va poytaxt hududida sotilishi lozim bo‘lgan 160 gr. ga yaqin “kokain” giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi. O‘zining moddiy manfaatlarini o‘zga insonlar sog‘lig‘i va hayotidan ustun qo‘yadigan ushbu kimsalar kokain moddasining 1 grammini 300-350 AQSh dollardan sotishni rejalashtirishgan. 

Shuningdek, Toshkent shahrida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir natijasida 1976 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, ayni paytda Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi A.T. to‘xtatib tekshirilganda, uning yonida 117 gr. “opiy” va 116 gr. “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u mazkur giyohvand moddalarni 1965 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, Denov shahrida yashovchi A.O.dan olganligi ma'lum bo‘lib, u ham Toshkent shahrida protsessual tarzda ushlandi va uning yonidan 5 gr. “opiy” moddasi olindi. 

DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiqo‘rg‘on tumani «Qizilyozi» MFYda yashovchi, 1952 y.t., muqaddam ikki marotaba sudlangan S.Q. boshqaruvidagi “Tiko” rusumli avtomashina tekshirilganda, uning yukxonasida 1085 gr. “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlandi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, u Yangiqo‘rg‘on tumani Zarkent qishlog‘i “Madaniyat” MFY hududidan o‘tgan davlat chegarasi yaqinida qirg‘izistonlik “Aqilbek” ismli shaxsdan ushbu giyohvandlik vositalarini qabul qilib olgan va Namangan shahrida sotishni rejalashtirgan.

DXX xodimlarining viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Namangan shahriga kirishda “Neksiya” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1981 y.t., Namangan shahrida yashovchi T.T.ning yonida 482 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

DXX Samarqand viloyati Boshqarmasi viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1986 yil Urgut tumanida tug‘ilgan Yo.B. hamda 1976 yil Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan A.R.ning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Ulardan 1 kg 300 gr “opiy” va 1 kg 490 gr “marixuana” moddalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 160 gr. ga yaqin “kokain”, 1 kg 422 gr. “opiy”, 1 kg 683 gr “gashish” va 1 kg 490 gr “marixuana” moddalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid