Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi vaziyat: JSST qurbonlar soni 2 millionga yetishini taxmin qilmoqda, Moskvada maktablar 2 haftalik ta'tilda
Xitoyning Uhan shahrida yangi koronavirus ilk marta aniqlanganidan 10 oy o‘tgach, Covid-19'ning global miqyosdagi qurbonlari soni 1 millionga yetdi.
Shimoliy Amerikada 308 mingdan ortiq, Janubiy Amerikada deyarli 250 ming, Yevropada 221 ming, Osiyoda 190 ming kishi vafot etdi.
Eng ko‘p qurbonlar AQSh (deyarli 210 ming), Braziliya (142 ming), Hindiston (96 mingdan ortiq), Meksika (76 mingdan ortiq) va Britaniyaga (42 ming) to‘g‘ri keladi. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda 10 o‘rinda joylashgan (deyarli 20,4 ming o‘lim).
Britaniyada seshanba kuni so‘nggi 28 kun ichida koronavirusga tahlili musbat natija ko‘rsatgan bemorlar orasida 71ta o‘lim holati qayd etildi - bu so‘nggi bir necha oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich; Britaniyada umumiy o‘lim soni 42072tani tashkil qilyapti.
So‘nggi bir kunda 7143ta yangi kasallanish holatlari aniqlangan - bu ham Britaniyada ommaviy test olinishi boshlanganidan beri kunlik rekord o‘sishdir. Ekspertlarning fikricha, yangi bemorlar soni ortishi bahorda sezilarli darajada yuqori bo‘lgan, ammo u vaqtda tahlillar faqatgina kasalxonada og‘ir alomatlar bilan davolanayotgan bemorlar uchun qo‘llangan. Britaniya bo‘ylab koronavirus tasdiqlangan holatlarning umumiy miqdori - 439 ming.
Pandemiya boshlanganidan beri 188 mamlakatda 33,5 milliondan ortiq odam virus yuqtirgan. Ulardan deyarli 25 million kishi shifo topdi, hozirda 7,5 millionga yaqin kishi davolanmoqda, xususan, 65,3 ming inson og‘ir va o‘ta og‘ir ahvolda.

Sentabr oyida kasallanish holatlari soni yana sezilarli darajada oshdi, bu pandemiyaning ikkinchi yoki «kuzgi» to‘lqini haqida gapirishga asos bo‘la oladi. AQShning 50 shtatidan 21tasida so‘nggi haftada kunlik yangi kasallanish darajasi o‘rtacha 10 foizga oshdi. Yozda inqirozdan chiqa boshlagandek tuyilgan Yevropada vaziyat og‘irlashdi.
«O‘lim darajasi pasayishidan hech qanday alomat yo‘q. Afsuski, vaksina paydo bo‘lgunga qadar, u hozirgi darajada saqlanib qolishi mumkin», dedi Melburn shahridagi aholi va global sog‘liqni saqlash maktabi rahbari Nensi Baxter BBC'ga bergan intervyusida.
Moskva maktablarida ikki haftalik ta'til
Rossiya poytaxti Moskva shahri meri Sergey Sobyanin maktablar 5 oktyabrdan 18 oktyabrga qadar ta'tilda bo‘lishini ma'lum qildi.
Odatda kuzgi ta'til bir hafta davom etadi, ammo shahardagi epidemiologik vaziyat tufayli bu muddat uzaytirilgan.
«Sanitariya shifokorlarining tavsiyasiga ko‘ra, kasallik tarqalishi darajasining pasayishi va koronavirus aniqlangan bemorlar soni ko‘payishini hisobga olib, men kuzgi ta'til davomiyligini oshirishga qaror qildim», deb yozgan Sobyanin.
Ta'til vaqtida masofaviy ta'lim bo‘lmaydi, ammo o‘quvchilar Moskva elektron maktabi yordamida yangi materiallarni o‘rganishlari mumkin. Qo‘shimcha ta'lim va bolalarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish muassasalari ham o‘z faoliyatini ikki haftagacha to‘xtatib turadi, ammo bolalar bog‘chalari «odatdagi jadval bo‘yicha» ishlashda davom etadi.
28 sentabr kungi ma'lumotlarga ko‘ra, Moskvada so‘nggi bir kunda 2117ta yangi kasallanish holati qayd etilgan - bu 2 iyundan buyon eng yuqori kunlik ko‘rsatkich hisoblanadi. Bir hafta oldin esa shaharda kunlik o‘sish 915tani tashkil etgan.
28 sentabr kunidan Moskvada 65 yoshdan oshganlarga va surunkali kasalliklarga chalinganlarga uyda qolishni tavsiya qilinmoqda.
Vaksina poygasi
JSSTdagilarning fikricha, eng maqbul holatdagi ommaviy emlashning natijasi kelgusi yilning o‘rtalaridan oldin sezilmaydi. Bu vaqt ichida o‘lim holatlari soni ikki millionga yetishi mumkin.
Hozirgi kunda dunyoda 240ga yaqin vaksinalar ustida ish olib borilmoqda, ularning 40tasi klinik sinovlar bosqichida, 9tasi minglab odamlarga ommaviy test qilinmoqda.
Yangi cheklovlar: qayerda va qanday
Angliya shimoli-sharqida uydagi bazmlar va mehmonga borishga taqiq chorshanba yarim tunda kuchga kiradi;
Madridda barcha ko‘ngilochar muassasalar va bog‘lar qayta yopildi, uydan faqat ishlash yoki o‘qish uchun chiqishga ruxsat beriladi;
Niderlandiyada bir vaqtning o‘zida uch nafardan ortiq katta yoshli mehmonlarni qabul qilish taqiqlanadi; Amsterdam, Rotterdam va Gaaga aholisi birinchi marta do‘konlarda niqob kiyishi shartligi belgilandi; hukumat fuqarolarga o‘ta zarurat bo‘lmasa, shaharlararo sayohat qilishdan tiyilishni maslahat berdi; sport musobaqalari muxlislarsiz o‘tkaziladi; Niderlandiyadagi restoran va barlarni soat 22:00da yopish buyurilgan;
Seshanba kunidan boshlab Fransiyaning 12 shahrida har qanday ommaviy tantanalarni, shu jumladan to‘ylarni o‘tkazish taqiqlandi; restoran va barlar soat 22:00gacha ishlaydi;
Chexiya va Slovakiya hukumatlari shu hafta favqulodda holat e'lon qiladi - ikki mamlakatda ham kasallanish ko‘paymoqda; Slovakiyada chorshanba kunidan boshlab barcha yirik tadbirlar taqiqlanadi.

Dunyoda yana nimalar sodir bo‘lyapti
Noyabr oyidagi G20 sammiti virtual rejimda o‘tkaziladi, deb xabar berdi tadbirni o‘tkazuvchi Saudiya Arabistoni mamlakati rasmiylari.
Germaniyaning pandemiya boshlanganidan keyin Pireydan suzib o‘tishi kerak bo‘lgan birinchi kemasi «Meyn Shiff 6» kruiz kemasining ekipaji a'zolarida koronavirus aniqlandi. Sayyohlar bortga chiqishga ulgurishmadi, kruiz bekor qilindi, kema va ekipajning 666 a'zosi Egey dengizidagi Milos orolida karantinga olindi.
Ruminiya meri vafotidan keyin qayta saylandi

Ruminiya janubidagi Deveselu qishlog‘i meri 57 yoshli Ion Aliman keyingi muddat uchun nomzodini qo‘ygandi, ammo saylov kampaniyasi davomida koronavirusdan kasallanib, 15 sentabr kuni Buxarestdagi klinikada vafot etdi.
Ovoz berishga ikki hafta qolgani sababli, saylov komissiyasi yangi byulletenlarni chop etishga vaqt yo‘qligini e'lon qildi.
Qishloq aholisining 64 foizi marhumning xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida uning ismi yonidagi katakchalarga belgi qo‘ygan. «Bizda boshqa bunday mer bo‘lmaydi», dedi bir ayol mahalliy televideniyega bergan intervyusida.
Endi Deveseluda takroriy saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
10:06 / 16.02.2023
Koviddan keyingi sindrom bir necha oy ichida o‘zini namoyon qilishi mumkin - mutaxassis
03:31 / 16.02.2023
Koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha JSST surishtiruvi to‘xtab qoldi
10:02 / 31.01.2023
JSST pandemiya tugaganini e’lon qilishiga ayrim hududlardagi vaziyat to‘sqinlik qilmoqda
23:06 / 16.01.2023