O‘zbekiston | 08:36 / 30.09.2020
3239
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish shartnomasi to‘g‘risidagi konvensiyaning qo‘shimcha bayonnomasiga qo‘shiladi

O‘zbekiston Yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish shartnomasi to‘g‘risidagi Konvensiyaning elektron yuk xatiga oid Qo‘shimcha bayonnomasiga qo‘shiladi. Prezident tomonidan tegishli 25.09.2020 yildagi PQ-4842-son qarorni imzolandi.

Qo‘shimcha bayonnoma 2008 yil 20 fevralda Jyeneva shahrida imzolangan. U qog‘oz shaklidagi varianti bilan teng yuridik kuchga ega elektron yuk xatini joriy etish yo‘li bilan elektron aloqa vositalari yordamida tashish shartnomalarini rasmiylashtirish tartib-taomilini soddalashtirish va tezlashtirishni nazarda tutadi.
 
Norma’ning yozishicha, unga nisbatan Konvensiya qo‘llaniladigan, tashish shartnomasining bajarilishidan manfaatdor bo‘lgan tashuvchi, yuk jo‘natuvchi yoki har qanday boshqa tarafdan uzatilgan elektron xabar elektron yuk xati manbasi hisoblanadi. Unga ilovalar sifatida yoki elektron yuk xatining bir qismiga aylantirish uchun bir vaqtda uni uzatish yoki u uzatilgandan keyin elektron xabar bilan boshqa tarzda bog‘lash natijasida elektron xabar bilan mantiqan qo‘shiladigan ma'lumotlar kiritiladi.
 
Tashish shartnomasi taraflari elektron yuk xatining asl nusxaga mosligini uning elektron yuk xati bilan aloqasini ta'minlaydigan elektron imzoning ishonchli usuli yordamida o‘rnatadilar. Shuningdek, ular tartib-taomillarni va ularni, xususan, quyidagilarga nisbatan qo‘llashni kelishib oladilar:

  • vakolat berilgan tarafga elektron yuk xatini berish va uzatish usuliga;
  • elektron yuk xati butunligini saqlanishini tasdiqlashga;
  • elektron yuk xati asosida yuzaga keladigan huquqlarga ega bo‘lgan taraf uning yordamida bunday huquqning mavjudligini namoyish qila oladigan usuliga;
  • yuk oluvchiga topshirilganligi dalili tasdig‘ini jo‘natish tartibiga;
  • elektron yuk xatiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish tartib-taomiliga;
  • boshqa vositalar yordamida berilgan elektron yuk xatini ehtimoliy almashtirish tartib-taomiliga.

Transport vazirligi ko‘rsatilgan xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas'ul organ etib belgilangan. TIV O‘zbekiston ko‘rsatilgan xalqaro shartnomaga qo‘shilishi hamda uni amalga oshirish uchun mas'ul organ to‘g‘risida depozitariyga tegishli bildirishnoma yo‘llaydi. Qo‘shimcha bayonnoma unga qo‘shilgan mamlakat uchun qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjat depozitariyga topshirilgandan keyin 90-kuni kuchga kiradi.
 
Hujjat 26.09.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid