Jahon | 00:08 / 01.10.2020
9886
6 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Merkel nemislarni ikkinchi to‘lqinga tayyorlanishga chaqirmoqda

Covid-19 bilan kasallanganlar soni yana ortishi fonida Germaniya kansleri Angela Merkel vatandoshlarini pandemiyaning ikkinchi to‘lqini deb atalayotgan vaziyat oldidan hushyorlikka chaqirdi. 

Foto: Getty Images

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirus aniqlangan holatlarning yarmidan ko‘pi (17 milliondan ortiq holat) to‘rt mamlakat hududiga to‘g‘ri keladi: AQSh, Hindiston, Braziliya va Rossiya. Shu vaqtgacha bir milliondan oshiq odam koronavirus tufayli hayotdan ko‘z yumdi va 25 millionga yaqin odam sog‘ayib ketdi. 

Bardosh berish
«So‘nggi oylarda erishgan barcha narsalarimizni yo‘qotishimiz mumkin», dedi Germaniya kansleri Angela Merkel Bundestagda.

Chorshanba kuni mamlakatda Covid-19 bilan kasallanish bilan bog‘liq 1798ta yangi holat va 17 o‘lim ro‘yxatga olingan. Yozda kunlik yangi kasallanish holatlari 500tadan kam edi. 

Germaniyada seshanba kunidan boshlab 25 nafardan ortiq odam ishtirok etuvchi ko‘ngilochar tadbirlar taqiqlandi. 

Kansler ta'sirchan nutqida vatandoshlarini xotirjamlikka berilmaslikka chaqirdi.

«Ishonchim komilki, eski hayot qaytadi. Oilalar bayramlarni nishonlashadi, klublar, teatrlar va futbol stadionlari insonlar bilan to‘ladi va biz ham baxtiyor bo‘lamiz. Ammo hozircha biz sabr-toqat va aql bilan harakat qilishimiz kerak. Faqatgina shu orqali insoniyat hayotini saqlab qola olamiz», dedi u.

«Bizga baribir»

Dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Britaniya politsiyasi Koventri universiteti binolaridan birida uyushtirilgan yashirin raqs kechasini tarqatib yuborgan. Xabarlarga ko‘ra, kechada 200dan ortiq talabalar ishtirok etgan.

Universitet rasmiylari internetda paydo bo‘lgan videolardan qattiq xavotirda ekanini va belgilangan qoidalar «qo‘pol ravishda buzilishidan» g‘azablanganini bildirdi. 

Hukumat qarori bilan inglizlarga turli oilalarga mansub olti kishidan ko‘p bo‘lmagan guruhlarda bo‘sh vaqt o‘tkazishga ruxsat beriladi. Koventri universiteti ma'muriyati talabalarga bazmni minimal darajada o‘tkazish tavsiya qilinganini bildirmoqda. 

Chorshanba kuni Birlashgan Qirollikda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq yangi holatlar soni ketma-ket ikkinchi kunki 7 mingdan oshdi - 7108 bemor. Seshanba kuni o‘sish 7143tani tashkil etgandi. Yana 71 kishi vafot etdi (seshanba kuni ham 71 kishi vafot etgani qayd etilgan), bu kabi yuqori o‘lim ko‘rsatkichi 26 iyundan beri qayd etilmagandi. 

Qurbonlarning umumiy soni 42 ming 143 kishini tashkil etmoqda, bu koronavirusga musbat natija berilganidan keyin 28 kun ichida kuzatilgan barcha o‘lim holatlarini o‘z ichiga oladi.

Pandemiyadan o‘lganlar sonini hisoblashning boshqa usullari ham qo‘llanadi - Covid-19 tashxisi ko‘rsatilgan o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomalar soni bo‘yicha va o‘tgan yillardagiga nisbatan o‘lim ko‘rsatkichining qancha oshgani bo‘yicha (boshqa mamlakatlar bilan taqqoslashda eng ishonchli). Biroq, bu ko‘rsatkichlar sekinroq yangilanadi: mos ravishda Angliya, Uels hamda Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyaga xizmat ko‘rsatuvchi uch statistika idoralari ushbu statistikani har hafta yoki har oyda e'lon qiladi, so‘nggi ma'lumotlar mintaqalar bo‘yicha 18 yoki 20 sentyabrgacha bo‘lgan davr uchun taqdim etilgan. 

Marafon ishtirokchilariga yordam beruvchi texnologiya

BOB MARTIN FOR LONDON MARATHON EVENTS/PA WIRE

Yakshanba kuni Londonda har yili tashkillashtiriladigan marafon bo‘lib o‘tadi. Pandemiya tufayli marafon shahar ko‘chalarida emas, balki Sent-Jyeyms bog‘ida bo‘lib o‘tadi. 

Koronavirus tufayli unda dunyoning eng kuchli marafonchilaridan atigi 100 nafari ishtirok etadi. Ularning kiyimlariga, shuningdek marafonning 500 nafar tashkilotchisi va xodimlari kiyimlariga Bump uskunasi biriktiriladi, qurilma odamlar xavfli masofaga (2 metrdan kam) yaqinlashganda ovozli ogohlantirish beradi.

Ishtirokchilar bog‘ atrofida 19 marta yugurishadi. Atrofga panjara o‘rnatiladi, marafonni faqat televizor orqali kuzatish mumkin. 

Marafonda qatnashishni istagan boshqa barcha ko‘ngillilar uning virtual versiyasida ishtirok etishlari mumkin. 

Dunyoda yana nima sodir bo‘lmoqda: 

  • Seshanba kuni taxminan 11,5 million aholiga ega Belgiyada Covid-19 qurbonlari soni 10 ming kishidan oshdi. Koronavirusdan o‘lim darajasi bo‘yicha ushbu mamlakat dunyoda mitti San-Marino va Perudan keyingi uchinchi o‘rinda turadi. 
  • Ukrainada chorshanba kuni pandemiya boshlanganidan beri kunlik kasallanish soni bo‘yicha rekord o‘rnatildi - 4027 kishi. 
  • Walt Disney kompaniyasi asosan Kaliforniyadagi Disneylend va boshqa ko‘ngilochar bog‘larda faoliyat ko‘rsatuvchi 28 ming xodimni ishdan bo‘shatmoqda. Ikkinchi chorakda ularning zarari 4,7 milliard dollarni tashkil etdi. Kompaniyaning tegishli bo‘linmasi boshlig‘i Josh d'Amaro Kaliforniya shtati ma'muriyatining juda qat'iy karantin siyosatidan shikoyat qildi. 
  • Royal Dutch Shell pandemiya sababli neftga bo‘lgan talabning pasayishi ortidan 2022 yilga qadar 7000 nafardan 9000 nafargacha xodimini ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. 1500 kishi allaqachon taklif qilingan shartlarga rozi bo‘ldi.
  • Albaniya hukumati maktablarda o‘quv yilining boshlanishini noyabrgacha kechiktirishga qaror qildi. 
  • Finlyandiya poytaxti Helsinkidagi barlar payshanba kuni so‘nggi marta ishlaydi va keyin karantinga yopiladi. 
  • Covid-19 bilan kasallanish holatlari yana ko‘payishi munosabati bilan Nyu-York meriyasi jamoat joylarida niqobsiz yurganlar uchun 1000 dollar miqdorida jarima joriy etdi.

Mavzuga oid