Jahon | 14:07 / 04.10.2020
40015
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon o‘z hududi Tog‘li Qorabog‘dan o‘qqa tutilganini ma'lum qildi. Armaniston Bokuni tinch aholiga zarba berishda ayblamoqda

Ozarboyjon Armaniston qurolli kuchlarini Fuzuliy tumani hududiga raketa zarbalari yo‘llashda aybladi. «Interfaks» xabariga ko‘ra, Ozarboyjon mudofaa vazirligi Terter tumani va Agdam qishlog‘iga ham artilleriyadan o‘t ochilgani haqida xabar bergan. Vazirlik mos ravishda javob qaytarilganini ma'lum qilgan.

Foto: Getty Images

Armaniston Ozarboyjon hududini o‘qqa tutgani haqidagi xabarlarni rad etgan, o‘z navbatida Ozarboyjon tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ markazi — Stepanakertdagi tinch aholi vakillarini nishonga olganini bildirgan. Tog‘li Qorabog‘ rasmiylari esa Ozarboyjonning Ganjadagi harbiy aeroporti yo‘q qilinganini bildirgan. Ozarboyjon tomoni bu ma'lumot bo‘yicha hozircha izoh bermadi.

Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida 1990-yillardan buyon saqlanib qolayotgan mojaro sentabr oyi oxirida yana avj ola boshladi. Tomonlar bir-birini provokatsiyada va artilleriya orqali o‘t ochishda aybladi. Ikki tomon ham o‘z hududida harbiy holat e'lon qilgan. 2 oktabr kuni Armaniston tinchlik muzokaralariga tayyor ekanini ma'lum qildi, Ozarboyjon va Turkiya rad javobi berdi.

Ozarboyjon Bosh prokurori Kamran Aliyevning ma'lumot berishicha, Armaniston Qurolli Kuchlari tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida 27 sentyabrdan beri 19 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, shu vaqtgacha 63 kishi jarohat olgani qayd etilgan.

Ozarboyjon fuqarolarining o‘limi, ularning yaralanishi, mol-mulkiga zarar yetkazilishi faktlari bo‘yicha mamlakatning beshta mintaqasida sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha 12ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq ikki tomon ham bir-birining yo‘qotishlari haqida xabarlar tarqatgan, bu xabarlarda ikki tomon ham minglab harbiysidan ayrilgani aytilgandi.

Mavzuga oid