Jahon | 09:48 / 05.10.2020
8353
3 daqiqa o‘qiladi

Gruziya o‘z hududida Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilish taklifi bilan chiqdi

Gruziya o‘z hududida Qorabog‘ mojarosini hal qilish bo‘yicha YeXHT Minsk guruhi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyor. Bu haqda mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili «Rustavi 2» efirida aytib o‘tdi.

«Ikki tomonda ham YeXHTning Minsk guruhini jalb qilishga tayyor bo‘lish shartlari qayd etilgan. Menimcha, uchrashuvni hech bo‘lmaganda Gruziyada o‘tkazilishiga ko‘maklashishimiz kerak. Biz hamma narsani qilamiz va ular uchun maqbul bo‘lgan barcha narsaga tayyormiz», - dedi Zurabishvili. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaroning kuchayishi, avvalo, barqarorlikka tahdid soladi.

«Bizning asosiy yutug‘imiz - barqarorlik. Biz (Gruziya) mintaqada barqarorlik va demokratiya oroli ekanligimizni, uni qayta tiklash kerakligini ko‘p bora aytdik. Biz o‘zaro bog‘liqmiz va tinchlikdan boshqa istiqbolni ko‘rmayapman», - deya qo‘shimcha qildi Gruziya prezidenti. 

Zurabishvilining ta'kidlashicha, Gruziya har ikkala qo‘shni davlatga nisbatan betaraflik pozitsiyasiga ega. Shuningdek, u tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi hamda Ozarboyjon va Armaniston rahbarlari bilan telefon orqali suhbatlashish niyati borligini aytdi. 

Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat 27 sentabr kuni ertalab keskinlashdi. Jangovar harakatlar Ozarboyjon va Armaniston chegarasida boshlandi. Tomonlar keskinlikda bir-birini aybladi. Tog‘li Qorabog‘, Ozarboyjon va Armaniston hukumatlari harbiy holatni joriy qildi. 

AQSh, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha qo‘shma bayonot bilan chiqdi. AQSh, Rossiya va Fransiya prezidentlari - Donald Tramp, Vladimir Putin va Emmanuel Makron qo‘shma bayonotda Armaniston va Ozarboyjon rahbarlarini Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha muzokaralarni hech qanday shartlarsiz qayta boshlashga chaqirdi

«Biz Armaniston va Ozarboyjon rahbarlarini zudlik bilan, vijdonan va YeXHT Minsk guruhi hamraislari ko‘magida kelishuv bo‘yicha muzokaralarni tiklash uchun hech qanday shartlar qo‘ymasdan o‘z zimmalariga majburiyatlarni olishga chaqiramiz», - deyiladi Minsk guruhi hamraislari bo‘lgan davlat rahbarlarining bayonotida. 

Mavzuga oid