Jahon | 00:35 / 06.10.2020
5108
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp yaqin soatlarda tibbiy markazni tark etishini ma'lum qildi 

Foto: CNN

Uolter Rid nomidagi tibbiy markazda koronavirusdan davolanayotgan AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zini yaxshi his qilayotganini va 5 oktabr oqshomida (Toshkent vaqti bilan 6 oktabr) u yerni tark etishini tvitterda ma'lum qildi.

“Men Uolter Rid nomidagi tibbiy markazdan bugun soat 18:30da chiqaman. O‘zimni haqiqatan ham yaxshi his qilmoqdaman. Koronavirusdan qo‘rqmang. Unga hayotlaringiz ustidan hukmronlik qilishga ijozat bermang. Biz, Tramp ma'muriyati vaqtida, haqiqatan ajoyib dorilar va bilimlar oldik. Men o‘zimni 20 yil avvalgidan ko‘ra yaxshiroq his qilmoqdaman!”, deb yozgan Tramp.

Bu orada Trampni davolayotgan shifokorlar uning gospitaldan Oq uyga qaytishiga qarshilik bildirmaganlar. Bu haqda Oq uy shifokori Shon Konli ma'lum qildi.

“Biz uning uyga qaytishiga va bu unga xavfli emasligiga rozimiz”, deb aytgan Konli brifingda.

Uning ta'kidlashicha, Oq uyda Trampni “eng kuchli shifokorlar” davolashni davom ettiradi. Biroq u AQSh prezidenti “hali xavfsiz holatda emasligi”dan ogohlantirgan. 

Konlining ta'kidlashicha, Trampga ketishidan avval Remdesivir dorisidan yana bir doza beriladi, shundan keyin u gospitaldan chiqariladi.

AQSh prezidenti yana bir tvitida 4 oktyabrda gospital yonida to‘plangan tarafdorlariga minnatdorlik bildirgani gospital tashqarisiga chiqqani sababini tushuntirgan va bundan afsuslanmasligini aytgan. “OAVda men himoyalangan avtomobilga o‘tirib, prezidentga hurmatini ko‘rsatish uchun shifoxona yonida ko‘plab soat va hattoki kunlab kutgan tarafdorlarimga minnatdorlik bildirgani chiqqanimdan norozilik bildirildi, deyishmoqda. Agar buni qilmaganimda, OAV meni qo‘rs deb atagan bo‘lardi!”, deb yozgan Tramp.  

Avvalroq AQSh prezidenti gospitaldan iloji boricha tezroq chiqarilishini talab qilgani, chunki gospitalda qolishi uning imijiga salbiy ta'sir qilishi, uni “zaif” qilib ko‘rsatishi mumkinligidan xavotirlangani ma'lum qilingan. 

Mavzuga oid