O‘zbekiston | 08:39 / 09.10.2020
3818
3 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya inspektoriga to‘sqinlik qilganlik uchun jarima joriy etiladi

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi. Tuzatishlar uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-1-moddasi 2-qismiga aniqlashtirish kiritildi – tegishli ruxsatnomasiz og‘ir vaznli, yirik gabaritli, xavfli yuklarni tashish va yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit o‘lchamlari, umumiy haqiqiy vazni, o‘qqa tushuvchi og‘irligi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarida yo‘lga chiqish taqiqlanadi. Bunda sanksiya choralari o‘zgartirilmadi: fuqarolar uchun – 10 BHM miqdorida jarima yoki 6 oygacha haydovchilik huquqidan mahrum qilish, tashish uchun mas'ul bo‘lgan mansabdor shaxslarga – 15 BHM miqdorida jarima qo‘llaniladi.
 
Norma’ning yozishicha, kabotaj – xorijiy tashuvchilarga tegishli bo‘lgan (shu jumladan O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha olib kirilgan) avtotransport vositalarida yo‘lovchilar va yuklarni mamlakat hududida joylashgan punktlar o‘rtasida tashiganlik uchun jarima joriy etiladi. O‘zbekiston tomonidan imzolangan xalqaro shartnomalarda kabotaj qayd etilmagan bo‘lsa javobgarlik yuzaga keladi. Jarima miqdori – 20 BHM.
 
Bunday ishlarni ko‘rib chiqish va jarimalarni undirish choralarini qo‘llashga quyidagilar haqli bo‘ladi:

  • Transport vazirligining Avtomobilda tashishlarni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalarining avtomobilda tashishlar xavfsizligini ta'minlash ustidan nazorat qilish bo‘limlarining boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari.

Uchinchidan, quyidagilar uchun fuqarolardan 1 BHMdan 3 BHMgacha va mansabdor shaxslardan 3 BHMdan 6 BHMgacha jarima undiriladi:

  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, shu jumladan uning tekshirish o‘tkazishiga to‘sqinliklarni yuzaga keltirganlik, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning hududlari va inshootlarini ko‘zdan kechirish uchun ularni kiritishni rad etganlik;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlarini bartaraf etishga doir ko‘rsatmalarni bajarmaganlik.

Mazkur holatda ishlarni ko‘rib chiqish ma'muriy sudlar vakolatiga kiritilgan.                    

Tuzatishlar 7.10.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid