Jahon | 08:15 / 12.10.2020
6653
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonining eng yirik banklari birlashish haqida kelishib oldi 

Saudiya Arabistonining eng yirik banki National Commercial Bank (NCB) va uning raqobatchisi Samba Financial Group birlashish haqida kelishib oldi. 

NCB Samba’ning har bir aksiyasiga 28,45 riyol (7,58 dollar) to‘laydi. Bitim qiymati esa 55,7 mlrd riyolga (15 mlrd dollar) baholanmoqda. NCB aksiyadorlariga birlashuvdan keyin hosil bo‘lgan kompaniyaning 67,4 foiz, Samba’ga esa 32,6 foiz aksiyasi tegishli bo‘ladi.

Saudiya Arabistoni banklarining birlashishi 2020 yildagi eng yirik birlashuv bo‘ladi. Yangi moliya guruhining umumiy aktivlari hajmi 220 mlrd dollarni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u Fors ko‘rfazidagi uchinchi raqamli bankka aylanadi. Yangi kompaniya kapitallashuvi esa 46 mlrd dollarga yetadi. U bu ko‘rsatkich bo‘yicha mintaqadagi eng yirik bank Qatar National Bank QPSC’ga tenglashadi.

Bloomberg axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, NBC va Samba’ning birlashuvi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon tomonidan e'lon qilingan “Nuqtai nazar 2030” milliy dasturining muhim bandi hisoblanadi. Ushbu dastur mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash, neft mahsulotlari bozoriga bog‘liqlikni kamaytirish, xizmatlar, turizm sohalari, infratuzilmani rivojlantirishdan iborat. 

NBC direktorlar kengashi raisi Said Al Hamdiyning aytishicha, yangi milliy strategiya iqtisodiyot diversifikatsiyasini moliyalashtirishga qodir bo‘lgan kuchli moliyaviy sektorni talab qiladi. 

Birlashuv yangi kompaniyaga har yili 800 mln riyol (213 mln dollar) keltirishi taxmin qilinmoqda. Bitim 2021 yilning birinchi yarmida yopiladi. Al Hamdiy yangi guruhning boshqaruvchi direktori bo‘ladi, Samba boshqaruv raisi Ammar Al Xudayriy esa yangi bankka rahbarlik qiladi.

Mavzuga oid