O‘zbekiston | 16:11 / 13.10.2020
15688
4 daqiqa o‘qiladi

«Ularni o‘qitish bugungi kun talabi» – Erkinjon Turdimov oqsoch ayollar masalasidagi gapiga izoh berdi

12 oktabr kuni Samarqand viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Viloyat hokimi jurnalist va blogerlar bilan muloqotda o‘tgan hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan oqsoch ayollar masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

U zamonaviy til bilan aytganda, uy xizmatkorlarini maxsus kurslarda o‘qitish, ularni bilimli qilish bugungi kunning talabi, deb hisoblashini ma'lum qildi.

«Men o‘sha kuni aynan oqsoch demasdan, bu so‘zning boshqa sinonimlarini qo‘llaganimda, bunchalik shov-shuv bo‘lmasligi mumkin edi. Lekin xohlaymizmi-yo‘qmi, agar biz kurslarni ochmaydigan bo‘lsak, mana shu qatlamda ishlayotgan odamlarimiz juda ko‘p qiyinchiliklarga duchor bo‘ladi.

Masalan, uy xizmatkorini ishlatmoqchi bo‘lgan odam halol, pokiza, tarbiyali odamni uyiga xizmatga olishi mumkin. Izlaydi shuni. Kerak bo‘lsa, qimmatroq pul to‘laydi. Nega bunday qiladi? Birinchidan, o‘sha xonadon egasi o‘zining eng katta boyligini – farzandining tarbiyasini o‘sha uy bekasiga, enagaga beradi. Ikkinchidan, sog‘lig‘ini ham uy xizmatkoriga ishonadi. Nega? Chunki u pishirib bergan ovqatni yeydi-ku? Uchinchidan, o‘zining turish-turmushi, yon-atrofi, madaniyatini shu kelayotgan uy xizmatkori shakllantirib beradi.

Mana shu masalalarda o‘qigan odamga talab bo‘ladimi yoki o‘qimaganga? Albatta, kursda tayyorlangan odamga talab yuqori bo‘ladi.

Ikkinchidan, bunday uy xizmatkorini qayerdan topadi odam? Masalan, Samarqand shahri misolida aytaman. Hech qayerdan topib bo‘lmaydi. Shug‘ullanadigan odamlarim bor, o‘shalar nima desa shu bo‘ladi. Lekin ertaga bu uyga keladigan odam o‘g‘ri, nopok bo‘lib chiqsa, javobgarlik tarafi yo‘q. Bu bo‘yicha juda ko‘plab jinoyat ishlari, janjal holatlari mavjud.

Endi masalaning ikkinchi tomoni. Fuqaro qayerga borishni bilmaydi, ishlagisi keladi. Hamma oliy o‘quv yurtiga kirolmaydi. Bu sohani ham kimdir egallashi shart. Xohlaymizmi-yo‘qmi, shu sohada ham kimdir ishlaydi. Bu sohani noto‘g‘ri talqin qilmaslik kerak», deya Turdimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtda Samarqanddan xorijga chiqib ketganlarning 30 foizini ayollar tashkil qilmoqda. Rasmiy ketganlarning hisob-kitobi bor, ammo norasmiy ketganlarning taqdiri noma'lum.

«Agar ushbu yo‘nalish yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, birinchi o‘rinda nazoratga erishish mumkin. Ertaga ularning huquqlari poymol bo‘lmaydi. Biror muammo bo‘lganda, qayerga murojaat qilishni biladi. Ularni qullikka emas, bu kabi o‘quv kurslari orqali ularni o‘zini hurmat qilishga o‘rgatish mumkin.

«Oqsoch» so‘zining bunday keskin talqin qilinishini oldindan bilganimda, bu so‘zni qo‘llamagan bo‘lardim», deya ta'kidladi hokim.

Eslatib o‘tamiz, 8 oktabr kuni Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Prezident rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oqsoch ayollarga talab ortib borayotgani sabab ayollarni bu kasbga tayyorlash tizimini shakllantirish taklifini bergan edi. Turdimovning bu gaplari jamoatchilik orasida keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik Samarqand viloyat hokimligi ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlarga munosabat bildirib, Turdimov ushbu fikri bilan aslida nima demoqchi bo‘lganini tushuntirdi. Blogerlar va ijtimoiy faol fuqarolar Samarqand viloyat hokimi jo‘yali taklif bergani, uni noto‘g‘ri talqin qilmaslik kerakligi haqida postlar qoldirgan.

Mavzuga oid