«Ko‘p xatoga yo‘l qo‘yilgan» – FVV vakili turli favqulodda holatlarga tayyor bo‘lish zarurati haqida gapirdi
«Sardoba» suv omborida ro‘y bergan suv toshqini vaqtida 3500dan ortiq uy hayvonlari nobud bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi mayor Laziz Kamolov bunga aholining favqulodda vaziyatlarga tayyor bo‘lmaganini sabab sifatida keltirdi.
«Sardoba voqeasi boshlangan paytda, ertalab soat 5:00larda aholiga xavf signali bilan ogohlantirish berilgan. Odamlar uylaridan faqat o‘zlari uchun zarur narsalarnigina olib chiqishgan. Lekin uy hayvonlari, o‘zlariga tegishli boshqa moddiy qiymatli narsalarga e'tibor berishmagan.
Misol uchun, bitta oddiy ish qilinsa bo‘lar edi o‘sha yerda. Bu ham bo‘lsa, uy hayvonlarining arqonini bo‘shatib ketishsa edi, talafot kamroq bo‘lardi. Suv toshqinida 3500dan ortiq uy hayvonlari nobud bo‘lgan. Buning natijasida turli kasalliklar tarqalish xavfi ham yuzaga kelgan. Agar shu uy hayvonlari bo‘sh bo‘lganida edi, ular ham suvdan yuqoriga qarab harakatlanganida talafot kam bo‘lardi», dedi vazirlik vakili Innovatsion rivojlanish vazirligida bo‘lib o‘tgan tadbirda.
U O‘zbekiston tizimida yillar davomida asosan yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq ishlarga e'tibor berilgani, Sardoba va Buxoroda sodir bo‘lgan ofatlar bundan buyon tabiiy ofat va texnogen vaziyatlarga ham e'tiborli bo‘lishga o‘rgatganini bildirgan. Aholining ham favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish maqsadida vazirlik tomonidan yangi mobil ilova ishlab chiqilgani to‘g‘risida ma'lumot berilgan.
«Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida 14-15 yil davomida ishlayotgan bo‘lsak, ko‘proq yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq ishlarga e'tibor berganmiz. Sardoba va Buxoroda bo‘lgan tabiiy ofatlar, texnogen vaziyatlar bizni o‘rgatdiki, boshqa favqulodda vaziyatlarga ham kuchli e'tibor qaratishimiz kerak ekan.
Bevosita voqea joyida bo‘lganimizda aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga bo‘lgan tayyorgarligi juda sust ekanini ko‘rdik. Ular ko‘p kamchiliklarga yo‘l qo‘yishgan. Biz «Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi» nomli mobil ilova yaratdik. Bunda kelgusida shunga o‘xshash favqulodda vaziyatlar yuz berganda aholi nimalarga e'tibor berishi kerakligi, qanday harakat qilish zarurligi ko‘rsatilgan», deya FVV rasmiysining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ma'lumot uchun, may oyida Sirdaryoda o‘tkazilgan Xalqaro press-klub sessiyasida qatnashgan FVV boshqarma boshlig‘i Komiljon Aripov Sardoba fojiasida 6 mingga yaqin uy hayvonlari nobud bo‘lganini ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
19:07 / 12.11.2024
FVV avtomobili vazirlik binosiga kirishda qo‘pol qoidabuzarlik qildi
15:57 / 07.11.2024
Is gazi qanday qilib insonlar o‘limiga sabab bo‘ladi? FVV mas’uli izoh berdi
20:33 / 14.10.2024
O‘zbekiston FVV kunlar sovishi tufayli ogohlantirish bilan chiqdi
10:55 / 22.09.2024