O‘zbekiston | 17:10 / 16.10.2020
8645
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekgidroenergo» 125 mln yevroga qurilayotgan Quyi Chotqol GES haqida ma'lumot berdi

«O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Tyanshan tog‘ tizmalaridan oqib o‘tuvchi Chotqol daryosida Quyi Chotqol GESning qurilish ishlari 2019 yil avgust oyida boshlangan bo‘lib, GES loyihasi «Gidroproyekt» AJ tomonidan ishlab chiqilgan.

«O‘zbekgidroenergo» AJ matbuot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 125 487,33 ming yevroni tashkil etib, ulardan 47 631,17 ming yevro miqdoridagi mablag‘ni asosiy gidrokuchlanishli va yordamchi asbob-uskunalarni xarid qilish uchun yo‘naltirish belgilangan.

Buyurtmachining qolgan xarajatlari 8 995,57 ming yevroga baholangan. Shuningdek, qurilish-montaj ishlari uchun 68 860,59 ming yevro miqdorida mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

«Hozirgi kunda, yangi gidroinshootda ikkita yangi 80 va 100 tonnali ko‘priklar bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Zamonaviy standartlar asosida mustahkam barpo etilgan ushbu ko‘priklar asrlar davomida xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishi shubhasizdir», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, GESda ko‘chma beton zavodi qurilgan bo‘lib, soatiga 60 kub, kuniga 400-600 kub tayyor beton qorishmalari GESda olib borilayotgan qurilish ishlariga yetkazib berilmoqda. Shuningdek, quruvchilar tomonidan GESning asosiy 438 metrli suv tunneli bitkazilib, hozirda betonlash ishlari amalga oshirilmoqda.

«Shuningdek, GES hududida Rossiya Federatsiyasining yetakchi kompaniyasi «Silovyye mashiny» tomonidan GES uchun zarur asbob-uskunalarni butlash uchun metall bazasi bunyod etilmoqda. Mazkur bazada kompaniya tomonidan keltirilgan barcha zaruriy mahsulotlar mahalliylashtirish asosida GESning o‘zida ishlov beriladi hamda ishlab chiqariladi», – deb ma'lum qilmoqda «O‘zbekgidroenergo».

Rejaga binoan, Quyi Chotqol GESni 60 oy davomida, ya'ni 2019–2024 yillarda qurib, ekspluatatsiyaga topshirish belgilangan.

GESda har biri 19 MVt bo‘lgan 4 ta gidroagregat o‘rnatish mo‘ljallangan. Inshootning o‘rnatilgan quvvati 76 MVt bo‘lib, yillik o‘rtacha elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 282,0 mln. kVt.soat ga teng. Uning asosiy asbob-uskunalari normativ muddatlarga ko‘ra 40 yilgacha xizmat qilishi mumkin, amalda esa ular 80 yilgacha ham ishlaydi.

«Yana bir ijobiy tomoni, GESning to‘liq ishga tushirilishi 91,28 mln. m3 gacha tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyatini beradi.

Bugun 16 oktabr «O‘zbekgidroenergo» AJ rahbarlari tomonidan Quyi Chotqol GES qurilish obektida navbatdagi tashkiliy-amaliy yig‘ilish tashkil etildi. Yig‘ilishda yangi qurilayotgan GESda olib borilayotgan qurilish jarayonlari chuqur tahlil etildi.

GES hududida olib borilayotgan qidiruv ishlari uchun zamonaviy geologiya-qidiruv ishlari olib boruvchi, bosim ostida ishlovchi ishlab chiqarish dinamik zondlash uskunasi olib kelindi. Mazkur uskuna orqali 140-150 metr yer ostidagi geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Hisob-kitoblarga qaraganda, yangi GES ishga tushirilgach, uning mamlakat ichki yalpi mahsulotdagi ulushi o‘rtacha 25 477,8 ming yevroni tashkil qiladi hamda 100 mingga yaqin uy xo‘jaligini tabiiy jihatdan toza elektr energiya bilan ta'minlashga xizmat qiladi», – deyiladi «O‘zbekgidroenergo» AJ matbuot xizmati 16 oktabr kuni Kun.uz'ga taqdim etgan axborotda.

Mavzuga oid