Jahon | 23:11 / 19.10.2020
8099
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Turkiyani NATOdan istisno qilishga chaqirishdi

AQSh kongressi vakillar palatasiga Turkiyani NATOdan istisno qilishga chaqiruvchi rezolyutsiya ko‘rib chiqish uchun kiritildi. Amerika armanlari milliy qo‘mitasida ta'kidlanishicha, ushbu tashabbus muallifi vakillar palatasi a'zosi Tulsi Gabbard hisoblanadi.

Foto: Francois Lenoir / Reuters

“Shimoliy Atlantika alyansi Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirayotgan bir vaqtda Turkiya NATOga qarshi bordi. Bu Turkiyaning ixtilofda Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashida va unga yordam berishida o‘z aksini topgan”, deb aytilgan rezolyutsiya matnida. Hujjatda ta'kidlanishicha, Anqara Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi ixtilofni keskinlashtirgan va jangovar harakatlar hududiga aksariyati “IShID” va “Al-Qoida” bilan bog‘langan yollanma jangchilarni yubormoqda

Avvalroq Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan Yevropa ittifoqi va NATOdan “Kavkazda beqarorlik urug‘ini sochayotgan” Turkiyaga bosim o‘tkazishni so‘ragan. Sarkisyanning ta'kidlashicha, Anqaraning Tog‘li Qorabog‘ ixtilofiga aralashuvi mintaqadagi vaziyatni o‘zgartirib, Ozarboyjonni Turkiyaning geosiyosiy ta'sirini kuchaytirishidagi platsdarmiga aylantiradi.

27 sentyabrda Tog‘li Qorabog‘dagi bahsli hududlar uchun Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida faol jangovar harakatlar boshlanib ketgandi. Yerevan va Boku gumanitar nuqtai nazardan 18 oktabr soat 00:00dan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgandi. Biroq keyinroq ikki tomon bir-birini o‘qqa tutishda va yarashuvga amal qilmaslikda ayblagan.

Mavzuga oid