Ikkinchi to‘lqin: uni qo‘rquv va stressiz qanday yengib o‘tish mumkin?
Yevropada koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini kechmoqda. Kasallikka chalinish holatlari bilan bog‘liq raqamlar esa kundan kunga ortib bormoqda. Olimlar epidemiya bu safar inson psixologiyasiga birinchi to‘lqindagidan ko‘ra qattiqroq ta'sir qilishi mumkinligini ta'kidlashmoqda.
Dunyo bo‘ylab pandemiya paytida odamlarning ruhiy holatini tadqiq etgan niderlandiyalik mutaxassislar epidemiyaning ikkinchi to‘lqinida psixologik jihatdan sog‘lom qolishga oid bir qator tavsiyalarni ilgari surishdi.
Koronavirus epidemiyasi birinchi bosqichining ruhiy oqibatlarini o‘rgangan olimlarning fikriga ko‘ra, ushbu davrda juda ko‘plab insonlarda asabiylashish, bel yoki bosh og‘rig‘i, uyqu buzilishi kabi holatlar kuzatilgan.
Birinchi to‘lqin paytida yoshlar qariyalardan, kambag‘allar boylardan ko‘ra ko‘proq aziyat chekdi. Biroq birinchi to‘lqinning o‘ziga xos tomonlari ham yo‘q emas: masalan, onlayn uchrashuvlar, uydan turib ishlash, virtual tavernalar (ingliz barining muqobili, ammo bardan farqli o‘laroq, tavernada to‘liq ovqatlanish mumkin – tahr.) shular jumlasidandir. Ammo endi odamlar bu jarayon yanada ko‘proq davom etishi mumkinligini bilishadi.
«Endi bizni nima kutayotgani va vaziyat yanada yomonlashishi mumkinligini bilamiz», deydi mutaxassislar.
Pandemiyaning inson psixologiyasiga ta'sirini xalqaro miqyosda o‘rgangan niderlandiyalik uch nafar psixolog Nieuwsuur (Yangiliklar soati) dasturida ikkinchi to‘lqindan qay tarzda kamroq qo‘rquv va asab buzilishlarisiz o‘tib olish mumkinligiga izoh berdi.
Psixologlarning fikriga ko‘ra, epidemiyada ruhiy salomatlikni saqlab qolishning eng muhim usuli – hazil, «zamonlar osha sayohat» va uzoq yurishdir.
Ijtimoiy psixolog Madelijn Strikning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus epidemiyasi paytida qilingan hazillar va u haqidagi kulgili postlar salbiy hissiyotlarni minimallashtirgan. Muammoga hazil orqali yondashish va Covid-19’ni shu tarzda tadqiq qilish qo‘rquv, taranglik va yolg‘izlik tuyg‘usi «yuk»ini yengillashtirgan.
Shu bois, niderlandiyalik mutaxassis mart-aprel oylarida kuzatilgani kabi ijtimoiy tarmoqlarda «hazilning ikkinchi to‘lqini»ni yaratishni taklif qilmoqda. Biroq oldin qilingan hazillardan farqli o‘laroq, bu gal ko‘proq ijodiy narsalar haqida gapirish lozim.
Shaxsiy rivojlanish bo‘yicha psixolog Bertus Jyeronimus ham koronavirus bilan bog‘liq kundalik tashvishlarni yengish uchun «Zamonlar osha aqliy sayohat»ni tavsiya qiladi. Niderlandiyalik mutaxassis quyidagicha maslahat bermoqda: «Masalan, o‘zingizni 10 yildan keyingi hayotingizda bir tasavvur qilib ko‘ring. Deylik, siz bolalaringiz, nabiralaringiz yoki boshqa yaqinlaringiz davrasidasiz. Siz ularga koronavirus epidemiyasi paytida nimalar ro‘y bergani haqida hikoya qilib beryapsiz. Bu hikoya juda ijobiy bo‘ladi. Bu esa sizni hozirgi notinch vaziyatdan xalos qiladi».
Sport bilan shug‘ullanish, piyoda yurish, ijtimoiy muloqot
Neyropsixolog Erik Matser pandemiyani ayni kunga qadar kuzatilgan eng katta ijtimoiy tajriba, deb ta'rifladi. Uning fikricha, ruhiy bezovtalikdan xalos bo‘lish, uni kamaytirishning eng yaxshi usullaridan biri miyaga dam berishdir.
Buni amalga oshirishning yo‘llaridan biri – kundalik jismoniy mashqlarni muntazam ravishda bajarishdir. Ammo mutaxassis sport zalida boksga tushish, qum solingan qopga zarba berishni emas, tabiat bag‘rida uzoq vaqt yayov yurishni tavsiya qilmoqda.
Niderlandiyalik mutaxassislar epidemiyaning ikkinchi to‘lqinida psixologik muammolarni minimallashtirish uchun nima qilish lozimligi haqida quyidagicha xulosaga keldilar:
Ijtimoiylashing. Epidemiya va ijtimoiy masofa talabiga qaramay, ijtimoiy munosabatlaringizni oldingiday saqlab qolishga harakat qiling. Telefonda va hatto 1,5 metr masofa saqlangan holda bo‘lsa ham odamlar bilan suhbatlashishda davom eting.
Harakat qiling. Har kuni, iloji bo‘lsa, yashil muhitda sayr qiling. Bu tananing stress darajasini pasaytiradi. O‘rmon va qumli sohillarda piyoda yurish adrenalinga boy, mashaqqatli mashqlardan ko‘ra yaxshiroqdir.
Ijobiy narsalarni rejalashtiring. Har kuni film tomosha qilish, uy hayvonlariga g‘amxo‘rlik qilish, do‘stlar bilan suhbat qurish kabi kamida bir-ikkita ijobiy rejalar tuzing. Salbiy xabar va muloqotlarni cheklang. Bu sizga ijobiy nuqtayi nazarni shakllantirishga yordam beradi.
Bugunni yashang. Keyingi hafta yoki keyingi oy haqida tashvishlanavermang. «Aqliy zamonlar osha sayohat» yordamida kundalik tashvishlardan uzoqlashishga harakat qiling.
Mavzuga oid
10:06 / 16.02.2023
Koviddan keyingi sindrom bir necha oy ichida o‘zini namoyon qilishi mumkin - mutaxassis
03:31 / 16.02.2023
Koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha JSST surishtiruvi to‘xtab qoldi
10:02 / 31.01.2023
JSST pandemiya tugaganini e’lon qilishiga ayrim hududlardagi vaziyat to‘sqinlik qilmoqda
23:06 / 16.01.2023