21 oktabr kuni Senat yalpi majlisida qiynoqqa solish va boshqa g‘ayriinsoniy muomalani qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatlar masalasida Bosh prokuratura va IIVga yuborilgan parlament so‘rovi natijasi ko‘rib chiqildi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Abduhalim Xolmahmatovning ma'lum qilishicha, u ishlayotgan idoraga 2020 yilning 9 oyi mobaynida qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar bilan bog‘liq 242ta murojaat kelib tushgan.
«O‘tgan 9 oyda prokuratura organlariga huquq-tartibot xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida 2323ta ariza va xabarlar kelib tushgan. Shundan 242tasi, ya'ni 10 foizdan ko‘prog‘ini qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar qilingani haqidagi murojaatlar tashkil etgan.
Shu yilning o‘tgan davri mobaynida 11 nafar ichki ishlar xodimi qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib sudga berildi.
Bosh prokuratura boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda qo‘shma qaror qabul qilib, unda shaxsning huquqini cheklaydigan protsessual majburlov choralari, ya'ni ushlab turish, qamoqqa olish, uy qamog‘i, lavozimidan chetlashtirish kabi choralarni qo‘llash holatlarini yangi elektron hisobga olish tizimiga kiritib borish majburiyligi belgilab qo‘yildi. Endilikda shaxsga qo‘llaniladigan ushlab turish chorasi tizimga kiritilmagan taqdirda tergov hibsxonasi va vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu kabi jinoyatlarga oid ariza, xabar va boshqa ma'lumotlarning yagona elektron tizimi hisobini yuritish imkonini beruvchi dastur yaratilib, hozirgi kunda uni barcha idoralarga joriy qilish choralari ko‘rilmoqda», – deya Abduhalim Xolmahmatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum bo‘lishicha, Bosh prokuratura 4ta qonun va 1ta farmon loyihasini ishlab chiqib, Prezident administratsiyasiga taqdim qilgan. Bu loyihalarda inson huquqlarini ta'minlashga oid qator takliflar berilgan.
Shunday takliflardan biri – maxsus vakolatli organ – Qiynoqning oldini olish qo‘mitasini tashkil etishdir.
Yalpi majlisda ma'lum qilinishicha, IIV tomonidan Senat qarori ijrosini ta'minlash bo‘yicha alohida choralar tasdiqlanib, ijroga qaratilgani, xususan, BMTning 1984 yildagi Konvensiyasi va Jinoyat-protsessual kodeksiga qat'iy amal qilish bo‘yicha yangi tartib yo‘lga qo‘yilgan.








