Jahon | 15:20 / 21.10.2020
10505
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bosh infeksionisti qo‘lqop taqish koronavirusga qarshi samarasiz chora ekanini aytdi 

Qo‘lqop taqish koronavirus tarqalishiga qarshi samarasiz choraga aylanmoqda, sababi ko‘pchilik uni noto‘g‘ri ishlatadi, shuning uchun antiseptiklardan foydalangan yaxshiroq. Bu haqda Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh infeksionisti, Sechenov nomidagi universitet professori Vladimir Chulanov ma'lum qildi.

«Virus asosan havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi (90 foiz). Faqatgina 10 foiz holatda virus qolgan sirtni qo‘l bilan ushlab, so‘ng ko‘z va og‘izga tegish kasallikni keltirib chiqaradi. Bu 10 foiz muhim rol o‘ynamaydi. Mening fikrimcha, virusni bunday yo‘l bilan yuqtirishga qarshi kurashning eng samarali usuli jamoat transportiga kirish va chiqish paytida antiseptikdan foydalanish», - dedi Chulanov «Interfaks»ga. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar transportga kirish va chiqish paytida antiseptikdan foydalanilsa, unda hech qanday qo‘lqop kerak bo‘lmaydi. Bu qo‘lqopdan ham samaraliroq, chunki ularni to‘g‘ri yechish va tashlash kerak, ammo buni hamma ham bilavermaydi.

«Kimdir uni yechib, yana foydalanish uchun cho‘ntagiga solib qo‘yadi. Bu yuqtirishning qo‘shimcha xavfini keltirib chiqaradi. Agar hamma undan to‘g‘ri foydalanganda bu ideal holat bo‘lardi: undan foydalanganda yuzga qo‘l tekkizmaslik, qo‘lqopni yechishda uning ustiga tegmaslik va maxsus chiqindi qutilariga tashlash kerak. Lekin buni hamma ham qilavermaydi. Kimdir matodan tikilgan qo‘lqopdan foydalanadi va ularni deyarli yechmaydi. Bu foyda bermaydi, aksincha, xavf tug‘diradi», - deya ta'kidladi mutaxassis.

Uning fikriga ko‘ra, «qo‘lqop taqish ortiqcha va samarasiz chora». 

Shu bilan birga, Chulanov niqob va antiseptikdan foydalanish juda muhim ekanini ta'kidladi. «Shunda biz epidemiologik holatni nazorat qilib tura olamiz», dedi u.

Mavzuga oid