Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun ma'qullandi. Unga ko‘ra, karantin qoidalarini buzib harakatlangan avtomobillarni jarima maydonchalarida ushlab turish qonuniylashtirildi.

Senatning Sud huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘liyev shu va boshqa bir nechta o‘zgartishni «qonunchilikni takomillashtirish, amaliyot va hujjatlar o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish zarurati» bilan izohladi.

Qonun bilan MJtKda nazarda tutilgan epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma'muriy jazo qo‘llash vakolatlari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan bir qatorda ichki ishlar organlariga ham beriladi.

Shuningdek, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari bilan bir vaqtda DYHXX xodimlari ham transport vositasidan turib axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish holatlari uchun ma'muriy jazo qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi.

«O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kunlik zararlanishlar soni ko‘p miqdorda aniqlanayotgani tegishli choralar ko‘rilishini taqozo etmoqda. Bu esa o‘z navbatida milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Ma'lumki, fuqarolarni har qanday tartib-qoida hamda xavf-xatarning oldini olishga yo‘naltirilgan kompleks choralarga rioya qilmaslik yoxud ularni buzganlik uchun javobgarlikka tortish hamda ularga jazo belgilash faqat qonun bilan belgilangan normalarga asosan amalga oshiriladi.

Foto: Senat axborot xizmati

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi, ya'ni karantin choralarini buzganlik uchun ko‘zda tutilgan javobgarlik me'yorlariga muvofiq, epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzganlik uchun 635 mingdan ortiq ma'muriy huquqbuzarliklar rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 74 foizi ichki ishlar, 24 foizi Milliy gvardiya, 2 foizi esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati organlari tomonidan aniqlangan.

O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ichki ishlar organlari tomonidan aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan to‘plangan hujjatlar yakuniy qaror qabul qilish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yuborilmoqda. Lekin uning quyi tizimlarida kuch va boshqa vositalari, imkoniyatlari cheklangani va boshqa bir qator omillar aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlashga to‘sqinlik qilinmoqda. Shuning uchun qayd etilgan tafovutni bartaraf etish maqsadida mazkur qonun ishlab chiqildi», – deya Shuhrat Cho‘lliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.