Toshkentdan borgan mas'ullar Sirdaryodagi sayyor qabulda 600 dan ortiq masalaga yechim topdi
26–27 oktabr kunlari Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari va Sirdaryo tumanida Prezident administratsiyasi, Xalq qabulxonalari boshchiligida sayyor qabul o‘tkazildi.
Xabar qilinishicha, sayyor qabul davomida bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan 137 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 89 tasiga shu yerning o‘zida yechim topilgan. Xususan, 3 ta sud qaroriga protest, 2 ta sudga da'vo arizasi kiritilgan. 19 nafar murojaatchining 34,8 mln so‘mlik ish haqi undirilgan. 5 nafar fuqaroga yer uchastkalari va 5 nafariga moddiy yordam ajratilgan. 7 nafar fuqaro ishga joylashtirilgan.
Oliy sud raisi o‘rinbosariga qilingan murojaatlar asosida 22 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilinib, 7 nafariga nisbatan belgilangan jazo yengilrog‘iga almashtirilgan. Yana 1 nafar shaxsga tayinlangan jazo qisqartirilib, 7 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikdan ozod qilingan. Shuningdek, qabul davomida 22 nafar voyaga yetmagan farzandi bor 12 ta oila yarashtirilgan. 5 ta ish bo‘yicha 2 mlrd 884 mln so‘m undirish to‘g‘risidagi da'volar qanoatlantirilgan.
Ichki ishlar vazirligiga qilingan 83ta murojaatdan 48tasi shu yerda hal qilib berilgan. Xususan, 8 nafar fuqaro ichki ishlar organiga ishga qabul qilinib, fuqaroligi bo‘lmagan 35 nafar shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti berilgan.
Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosariga murojaatlardan keyin esa 6 ta maktabga 95 ta kompyuter jamlanmasi va badiiy adabiyotlar yetkazib berilgan, 22 nafar murojaatchi xalq ta'limi tizimiga ishga qabul qilingan. Xovos tumani 4-sonli umumta'lim maktabiga 15 ta zamonaviy kompyuter jamlamasi ajratilgan.
Qabul davomida Avtomobil yo‘llari ko‘mitasiga 62ta murojaat kelib tushgan va ularning 29tasi joyida hal etilgan. Buning natijasida 19,9 km yo‘l ta'mirlanib, qariyb 4,5 km tuproq yo‘llarga tosh-shag‘al yotqizilgan. Xovos tumani «Yangiyer» mahallasida istiqomat qiluvchi Bobonazar Xudoynazarovning murojaati asosida mahallaning 1 km.dan ziyod chang ko‘chalari tosh yo‘lga aylantirilgan. Xovos tumani «Oqchangal» mahallasi aholisining murojaatlaridan keyin esa 8-umumiy o‘rta talim maktabiga olib boradigan asosiy yo‘lni asfaltlash ishlari boshlangan.
Elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq 49ta murojaatning esa 38 tasiga shu yerning o‘zida yechim topilgan. 27ta transformator punktida qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilgan bo‘lsa, 64ta eskirgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilib, 1,2 km elektr tarmog‘i tortilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari tomonidan esa 77 ta murojaatning 49 tasiga yechim topib berilgan. Natijada, 18 nafar fuqaroga davolanish uchun order va yo‘llanma, o‘nlab murojaatchilarga nogironlik aravachalari, protez-ortopediya buyumlari, dori-darmonlar ajratilgan.
«Avvalgi sayyor qabullari davomida berilgan murojaatda Xovos chegaraoldi hududida yashovchi aholi eskirib, buzilishga tushgan «Sharqobod» qishloq vrachlik punktini saqlab qolishda amaliy yordam so‘ralgan edi. Ushbu murojaat joyiga chiqib o‘rganilgandan so‘ng, muassasa qayta ta'mirlanib mutlaqo yangi ko‘rinishga ega bo‘ldi. Navbatdagi murojaatlardan so‘ng esa muassasa zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan ta'minlandi», – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 8 ta xonadonga 1,2 km optik tolali aloqa kabellari tortilib, internet ulab berilgan.
«Ikki kun davomida o‘tkazilgan ommaviy qabullarda 1 ming 313 ta murojaat bo‘yicha 1 ming 328 ta masala ko‘rib chiqildi, 612 ta murojaat joyida hal qilindi, 416 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 300 ta murojaat nazoratga olindi», – deyiladi rasmiy relizda.
Mavzuga oid
12:37 / 05.11.2024
Sirdaryoda buvi va nevara qariyb 7 kg tilla taqinchoqni chegaradan yashirincha olib kirishga urindi
13:10 / 06.10.2024
Antikorrupsiya agentligi: Sirdaryo viloyatida 5 nafar hokim korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan
13:20 / 29.09.2024
Sirdaryoda Guliston Suv inshootlari boshqarmasi yer kadastri bo‘lim boshlig‘i ushlandi
19:22 / 21.09.2024